Logo

Islomobodda Pokiston biznes delegatsiyasining O'zbekistonga safari doirasida o'tkaziladigan tadbirlar dasturi muhokama qilindi

Oktabr 29, 2025. 17:46 • 2 daq

49
Islomobodda Pokiston biznes delegatsiyasining O'zbekistonga safari doirasida o'tkaziladigan tadbirlar dasturi muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 29-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston Bosh vazirining Turizm masalalari bo'yicha milliy koordinatori Sardar Yasir Ilyas Xan va Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi prezidenti Usman Shavkat bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida joriy yil 10 noyabr kuni Toshkent shahrida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan "Xalqaro yutuqlarni taqdirlash marosimi va biznes imkoniyatlari konferensiyasi"ga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda ishtirok etish uchun 150 nafar pokistonlik ishbilarmon, jumladan to'qimachilik, farmatsevtika, qurilish, infratuzilma, sog'liqni saqlash va turizm sohalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar vakillari mamlakatimizga borishi kutilmoqda.

Forum doirasida O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi, "B2B" va "G2B" shakllarida uchrashuvlar o'tkazish, turli tarmoqlardagi istiqbolli hamkorlik yo'nalishlari bo'yicha qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Milliy koordinator Sardar Xan mazkur tadbirning ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatiga to'xtalib, tashrif chog'ida Pokiston delegatsiyasi vakillari va O'zbekistonning manfaatdor turli vazirlik va idoralar mutasaddilari o'rtasida aniq maqsadga yo'naltirilgan muzokaralarni tashkil etish zarurligini qayd etdi.

Usman Shavkat tadbir Ravalpindi Savdo-sanoat palatasiga a'zo biznes doira vakillari bo'lajak konferensiya va biznes-forum doirasida amaliy natijalarga erishish, o'zbekistonlik tadbirkorlar bilan yangi hamkorlik loyihalari va qo'shma tashabbuslar bo'yicha kelishuvlarga erishishni maqsad qilayotganini bildirdi.

Pokiston biznes delegatsiyasining tashrifi dasturida, shuningdek, O'zbekistonning investitsiya muhiti va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlarda ishtirok etish, "Tashkent Pharma Park", "Tashkent Technopark" va "IT Park Uzbekistan"da yaratilgan imkoniyatlar bilan joyida tanishish, ikki davlat banklari va moliyaviy tuzilmalari vakillari, turistik kompaniyalari va operatorlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar o'tkazish, hamkor tashkilotlar o'rtasida anglashuv memorandumlari va hamkorlik shartnomalarini kelishish va imzolash ham ko'zda tutilgan

Tadbir ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy, savdo va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, o'zaro biznes aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish