Ispaniya kompaniyalari O'zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishdan manfaatdor
Iyul 27, 2025. 10:24 • 2 daq
• 137
VILYAREAL, 27-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniyanig Valensiya muxtoriyati Vilyareal shahriga tashrifi doirasida yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, "Porcelanosa Grupo" kompaniyasi bosh direktori Silvestr Segarra Soriano bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Muloqot chog'ida O'zbekiston Respublikasining sarmoyaviy muhiti va sanoat salohiyati, jumladan, xorijiy investorlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning joriy chora-tadbirlari atroflicha taqdim etildi.
"Porcelanosa Grupo" keramik plitkalar, sanitariya, oshxona va qurilish yechimlari ishlab chiqarish bo'yicha jahon yetakchilaridan biri sanaladi. Kompaniya 1973-yilda tashkil etilgan va hozirda 100 dan ortiq mamlakatlarga mahsulot eksport qilmoqda. "Porcelanosa Grupo" o'zining innovatsion yondashuvi, yuqori sifatli mahsulotlari va premium segmentga qaratilganligi bilan mashhur. O'zbekistonda kompaniya 20 yildan ortiq vaqtdan beri o'zining rasmiy hamkori "Premium Concept" korxonasi bilan birgalikda ishlab kelmoqda. 2021-yildan boshlab kompaniyaning Toshkentda shou-rumi faoliyat ko'rsatmoqda.
Suhbat chog'ida O'zbekistonda ham ichki bozor, ham eksportga yo'naltirilgan Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy sanoat markazini yaratish istiqbollari muhokama qilindi.
Kompaniya rahbariyati O'zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligini yuqori baholadi va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini yana-da o'rganishdan manfaatdorligini bildirdi. Ta'kidlanishicha geografik joylashuvi, qulay logistika va barqaror iqtisodiy o'sish sur'atlarini hisobga olgan holda O'zbekiston guruhning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishning istiqbolli yo'nalishi sifatida qaralmoqda.
O'zbekiston elchisi, shuningdek, "XSTONE" kompaniyasining Sharqiy Yevropa bo'yicha mintaqaviy menejeri Roman Pisko bilan muzokara o'tkazdi. Korxona sun'iy tosh va chinni toshdan yasalgan innovatsion pardozlash materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hamkorlikning turli mumkin bo'lgan formatlari, jumladan, qo'shma ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, ispan texnologiyalaridan foydalangan holda mahsulotlarni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar infratuzilma va logistika imkoniyatlarini baholash, shuningdek, potensial hamkorlar bilan aloqalarni yo'lga qo'yish maqsadida O'zbekistonga biznes-missiya tashkil etish niyatida ekanliklarini bildirdilar. Sanoat kooperatsiyasi doirasida ishlab chiqarish liniyalari va asbob-uskunalarni uzatish istiqbollari ham ko'rib chiqildi.
Yuqori sifatli santexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Noken" kompaniyasi rahbariyati bilan bo'lib o'tgan uchrashuv chog'ida mahsulotlarni keyinchalik mahalliylashtirish maqsadida O'zbekiston santexnika bozorini birgalikda tahlil qilish masalalari muhokama qilindi. O'zbekistonning uy-joy va mehmonxona sohalarida yuqori sifatli qurilish va muhandislik yechimlariga talab ortib borayotgani, bu o'zaro manfaatli sheriklik uchun yangi imkoniyatlar ochayotgani ta'kidlandi.
Uchrashuvlar yakunlari bo'yicha Ispaniya tomoni Markaziy Osiyoda, xususan, O'zbekistonning istiqbolli va jadal rivojlanayotgan bozorida o'z ishtirokini kengaytirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Kompaniyalar o'zaro hamkorlikning amaliy bosqichiga o'tishga, jumladan, mamlakatga biznes-missiyalar tashkil etish, ishbilarmonlik uchrashuvlari o'tkazish, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va qo'shma investitsiya loyihalari bo'yicha aniq formatlarni ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi