Logo

Janubiy Koreya kompaniyasi guruchni boshoqlardan tozalash va qadoqlash sohasidagi ilg'or texnologiyalarni O'zbekistonga jalb qilish istagida

Fevral 19, 2024. 15:42 • 2 daq

183
Janubiy Koreya kompaniyasi guruchni boshoqlardan tozalash va qadoqlash sohasidagi ilg'or texnologiyalarni O'zbekistonga jalb qilish istagida

SEUL, 19-fevral. / "Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan Janubiy Koreyaning "Woomin" kompaniyasi ishlab chiqarish hududiga ishchi safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida mazkur kompaniya rahbari O Jun Xvan hamda mutasaddi boshqaruv vakillari bilan muzokaralar olib borildi. Shuningdek, avval o'tkazilgan muzokaralar yakuni bilan erishilgan kelishuvlarga asosan ushbu kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari va jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.

"Woomin" kompaniyasi guruch mahsulotini yetishtirish, boshoqlardan tozalash va qadoqlash bo'yicha uzoq yillik tajribaga ega bo'lib, hozirda kuniga 120 tonna yuqori sifatli guruch mahsulotini ishlab chiqarish va qadoqlash quvvatiga ega. Kompaniya shuningdek, davlat buyurtmalari asosida ham guruch mahsulotini tozalash va qadoqlash xizmatini ko'rsatadi. Ko'p yillik tajribaga tayangan holda "Woomin" kompaniyasi yangi texnologiyalarni joriy etish evaziga ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini oshirishga hamda tozalash jarayonlaridagi yuqotishlarni kamaytirishga erisha olgan.

Mazkur kompaniya mutaxassislari O'zbekistonda guruch mahsulotini boshoqlardan tozalash va qadoqlash jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 2023-yil so'ngida mamlakatimizga kelib, o'rganish ishlari olib borgan. O'rganishlar natijasida, mamlakatimizda guruchni qayta ishlash jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni qo'llash bo'yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Suhbat chog'ida "Woomin" kompaniyasi rahbariyati tomonidan O'zbekistonda mazkur zamonaviy texnologiyalarni qo'llash evaziga guruch mahsulotlari sifatini oshirish va eng avvalo uni tozalash jarayonlaridagi yuqotishlar hajmini sezilarli darajada kamaytirishga erishish mumkinligi ta'kidlandi. Shu bilan birga, kompaniya O'zbekistonda o'z faoliyatini olib borish bo'yicha huquqiy asoslarni tayyorlash va yuridik hujjatlarni ro'yxatdan o'tkazish maqsadida joriy fevral oyining ikkinchi yarmida O'zbekistonga safar rejalashtirilgani ma'lum qilindi.

Ishchi tashrif yakunida o'zaro hamkorlikni samarali davom ettirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish