Logo

Qashqadaryo viloyati turkiyalik investorlar uchun istiqbolli hudud

Iyul 26, 2025. 13:57 • 52 soniya

53
Qashqadaryo viloyati turkiyalik investorlar uchun istiqbolli hudud

ANQARA, 26-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi va Qashqadaryo viloyati hokimligi mutasaddilari o'rtasida vebinar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Onlayn uchrashuvda Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashining Turkiya-O'zbekiston qo'mitasi raisi O'zg'ur Onur O'zguven, qo'mitasi boshqaruv a'zosi Xo'sno' Alp, Qashqadaryo viloyati hokimli Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi, viloyatda faoliyat olib borayotgan turk investorlari va mamlakatimiz kompaniya rahbarlari, shuningdek, O'zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi vakillari qatnashdi.

Vebinar davomida Qashqadaryo viloyatining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm va boshqa sohalardagi salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi. Unda Qashqadaryo viloyatidagi energetika, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sanoati, to'qimachilik, charm-poyabzal, turizm va mavjud erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari haqida so'zlab berildi.

Qashqadaryo viloyatda ishlayotgan Turkiyaning "AKSA Enerji" kompaniyasining Nishon tumanidagi Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi direktori Atilla Nazif Atay va "EMG Inter Investment" kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Yeyyo'p Gergerli O'zbekistondagi faoliyati va tajribasi bilan o'rtoqlashdi.

Turkiya tomoni Qashqadaryo viloyatining energetika, qishloq xo'jaligi, ta'lim kabi bir qator sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish