Logo

Latviya farmatsevtika kompaniyasi o'z mahsulotlarini O'zbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

May 11, 2024. 16:12 • 2 daq

231
Latviya farmatsevtika kompaniyasi o'z mahsulotlarini O'zbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

RIGA, 12-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Timur Rahmonov Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari Dilshod Rasulov bilan birgalikda Latviyaning yirik farmatsevtika kompaniyasi – "Olainfarm" direktorlar kengashi a'zosi, Markaziy Osiyodagi savdo ofisi rahbari Aleksandr Melnis bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida O'zbekiston va "Olainfarm" o'rtasidagi sarmoyaviy va texnologik hamkorlik masalalari hamda mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirgan holda qo'shma ishlab chiqarish kooperatsiyasini yo'lga qo'yish istiqbollari muhokama qilindi.

Aleksandr Melnis O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida sog'liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni ijobiy baholadi. U, shuningdek, "Olainfarm" kompaniyasining O'zbekistondagi uzoq muddatli ishtirokini kengaytirish istiqbollariga ishonch bilan qarashini ta'kidlab o'tdi.

Latviya tomoni ma'lum qilganidek, "Olainfarm" kompaniyasi O'zbekistonda yuqori sifatga ega ampulali mahsulotlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish bo'yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish masalasini o'rganmoqda.

"Olainfarm" kompaniyasi 1972-yilda Latviyaning Olayne shahrida tashkil etilgan bo'lib, Boltiqbo'yi mamlakatlaridagi eng yirik farmatsevtika kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniyaning yillik aylanmasi 124 million yevrodan oshadi. Mahsulotlar assortimenti 60 ta tayyor dozalash shakllari, 25 ta faol farmatsevtik ingrediyentlar va 20 dan ortiq oraliq mahsulotlarni o'z ichiga oladi. Korxona mahsulotlari 60 ta davlatga eksport qilinadi. 2011-yildan beri Jahon sog'liqni saqlash tashkilotiga (JSST) silga qarshi dori-darmonlar yetkazib beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish