Kuvayt kompaniyasi Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida tibbiy laboratoriya tashkil qiladi
Aprel 29, 2025. 12:48 • 2 daq
• 109
AL-KUVAYT, 29-aprel. /"Dunyo" AA/. 23-24-aprel kunlari sog'liqni saqlash, farmatsevtika, chorvachilik, qishloq xo'jaligi, kreditlash, shuningdek, avtosanoat va xizmat ko'rsatish yo'nalishlarida faoliyat yuritayotgan Kuvayt kompaniyalari vakillari "Xalqaro biznes-forum Jizzax – 2025" da qatnashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Delegatsiya a'zolarini Jizzax viloyati hokimi Ulug'bek Mustafoyev qabul qildi. Kuvaytlik tadbirkorlar bilan muloqot chog'ida viloyat hokimi ularni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berdi. Tomonlar, shuningdek, istiqbolli hamkorlik yo'nalishlarini muhokama qildilar.
Tadbir doirasida Sharof Rashidov tumani hokimligi va "Biomedix Medical Group Co." kompaniyasi o'rtasida tuman hududidagi shifoxona binosida tibbiy laboratoriya faoliyatini tashkil etish bo'yicha vemorandum imzolandi.
Kuvaytlik investorlar Jizzax viloyatida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, chorvachilikni tashkil etish hamda turizm komplekslarini barpo etish istiqbolli yo'nalish ekanligini ta'kidladilar.
Muxammad Saqib Aftab, "KFH Capital" kompaniyasi vitse-prezidenti:
– Bugungi jahon kapital bozoridagi xavf-xatarlardan kelib chiqib, bunday tadbirlarning o'tkazilishi va yirik moliyaviy tashkilotlar hamda investorlarning mamlakat hududlariga taklif etilishi juda muhim.
Abdulla Elarabi, "Gulf Care General Trading Co." kompaniyasi tibbiy laboratoriya xizmatlari va ularni tashkillashtirish bo'yicha menejeri:
– Zomin tumani biznes-forum o'tkazish maydoni sifatida bejiz tanlanmadi, deb o'ylayman. Bu hudud mazkur tadbirga boshqa sohalardan taklif etilgan investorlar uchun ham O'zbekistonning turizm salohiyatini yorqin namoyish etib berdi. Forum ko'plab investorlarda mehmonxona biznesi, turistik xizmat ko'rsatish, ko'ngilochar markazlar qurish sohalariga sarmoya kiritishga qiziqish uyg'otdi. Biz ham unda taqdim etilgan imkoniyatlardan kelib chiqib "Biomedix Medical Group Co." kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi loyihani amalga oshirish, mahalliy aholi va sayyohlarga zamonaviy tibbiy xizmat ko'rsatishni yo'lga qo'yishga qaror qildik.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi