Logo

Malayziya kompaniyalari O'zbekistonda "halol" oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga ko'maklashadi

Iyun 30, 2025. 10:54 • 2 daq

97
Malayziya kompaniyalari O'zbekistonda "halol" oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga ko'maklashadi

KUALA-LUMPUR, 30-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning "CB Synergy" kompaniyasi bosh direktori Shaxzeli bin Shaxzulkarib va "Perak Halal Corporation" kompaniyasi boshqaruv direktori Abdul Aziz Abdul Rahim bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot davomida Qashqadaryo viloyatida "halol" oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Malayziya tomoni mamlakatimizda "halol" standartlari asosida go'sht mahsulotlarini qayta ishlash loyihasini amalga oshirish maqsadida "CB Synergy", "Perak Halal Corporation Sdn Bhd" va "PK-Agro Industrial Products Sdn Bhd." kompaniyalari ishtirokida konsorsium tuzish bo'yicha kelishuv ishlab chiqilayotganini ma'lum qildi.

"Perak Halal Corporation" kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur qo'shma korxona Qashqadaryo viloyatida keng qamrovli "halol" sanoatini rivojlantirish, maxsus treninglar tashkil etish orqali sohada bilim va texnologiyalarni o'rgatish, O'zbekistonni mintaqaviy "halol" markaziga aylantirish va unga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.

Abdul Aziz Abdul Rahim konsorsium Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda davlat-xususiy sherikchilik asosida viloyatda "halol" sanoatini rivojlantirish va ekotizimini yaratish bo'yicha kelishuv imzolashini ma'lum qildi.

Xorij tomoni O'zbekiston va Malayziya Hukumatlari o'rtasida "halol" sohasida hamkorlik to'g'risidagi anglashuv memorandumi imzolanganiga yuqori baho berib, Malayziya Islom taraqqiyoti departamentining "Halol" sertifikatlarini O'zbekistonning o'zida berilishini tashkil etishda o'z hissasini qo'shish niyatini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Malayziya kompaniyalari vakillarining mamlakatimizga missiyasini tashkil etishga kelishildi.

"Perak Halal Corporation Sdn. Bhd." kompaniyasi 1999-yil fevralda Perak shtati rivojlanish korporatsiyasi tomonidan tashkil etilgan. Uning asosiy vazifasi "halol" mahsulotlar ishlab chiqarish, qayta ishlash va tarqatish bilan shug'ullanadigan korxonalarni qo'llab-quvvatlash va o'sishiga ko'maklashish orqali "halol" sanoatini rivojlantirishdan iborat.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish