Navoiy viloyatining Pokiston, Afg'oniston, Misr, Ozarbayjon va Ukraina bilan savdo-iqtisodiy hamkorligini jadallashtirish istiqbollari o'rganildi
May 08, 2025. 09:52 • 2 daq
• 46
ISLOMOBOD, 8-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To'xtayev, Afg'onistondagi elchisi Oybek Usmanov, Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev, Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov va Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov xizmat safari bilan Navoiy viloyatida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrifdan Navoiy viloyatining Pokiston, Afg'oniston, Misr, Ozarbayjon va Ukraina bilan savdo-iqtisodiy hamkorligi hamda sanoat kooperatsiyasi yo'nalishidagi aloqalarini jadallashtirish istiqbollarini o'rganish maqsadida uyushtirildi.
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov bilan kechgan uchrashuvda hamkor davlatlar imkoniyatlari va ushbu mamlakatlarning ishbilarmonlari qiziqishlari kesimida aniq loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Chet el biznes doiralarining viloyatda yaratilgan imkoniyatlar, investitsion jozibadorligi to'g'risida xabardorligini oshirish borasidagi ishlarni jadallashtirish, ularning viloyatga safarlarini ishlab chiqish, hamkor davlatlar bilan o'zaro tovar aylanmasida Navoiy sanoat va qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish borasida kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, Uchquduq tumanida Misrning "In2Metals" kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilayotgan "Shimoliy Bukantov" mis konini o'zlashtirish loyihasining istiqbollari ham muhokama qilindi.
Elchilar Karmana tumanida amalga oshirilayotgan "Yangi Navoiy shaharchasi" loyihasi bilan tanishdilar. Loyiha direksiyasi bilan ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ega obyektlar, infratuzilmalarni barpo etish jarayoniga chet ellik investorlar, quruvchi va developerlik kompaniyalarini jalb etishda ko'maklashishga kelishib olindi.
Shundan so'ng, diplomatlar "Navoiy" erkin iqtisodiy zonasi va hududda joylashgan korxonalarga tashrif buyurdi. EIZ direktori Habib Abdullayev hamda korxona rahbarlari bilan uchrashuvda yangi loyihalarni amalga oshirish maqsadida chet ellik, jumladan, afg'onistonlik va pokistonlik tadbirkorlar uchun imtiyozlarni kengaytirish, hududda ishlab chiqarilayotgan turli sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini oshirish bo'yicha hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Diplomatik vakolatxonalar rahbarlari "Gidro Stanko Servis" korxonasi va "Uzbekistan Hydrogen Peroxide" zavodi faoliyati bilan tanishib, tashkilot rahbarlari bilan ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni xorijiy bozorlarda ilgari surish, yangi hamkorlar va xaridorlar topishda ko'maklashishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi