O'zbekiston hududlari va Turkmanistonning Mari viloyati o'rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko'tariladi
Iyul 07, 2025. 10:15 • 51 soniya
• 84
MARI, 7-iyul. / "Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Alimov amaliy tashrif bilan Turkmanistonning Mari viloyatida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Elchi Ravshan Alimov tashrif davomida Mari viloyati hokimi Begenchmurad Orazov bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot davomida O'zbekiston hududlari va Mari viloyati o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsion hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O'zbekistonning Surxondaryo va Turkmanistonning Mari viloyatlari o'rtasida birodarlashgan hududlar munosabatlarini yo'lga qo'yish, Mari viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Surxondaryoga amaliy safarini uyushtirish hududlararo hamkorlik rivojiga salmoqli hissa qo'shishi ta'kidlandi.
Muzokaralar natijasida joriy yilda Buxoro va Dashoguz shaharlarida ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida qo'shma biznes-forumlar tashkil etishga kelishib olindi.
O'zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbari safar davomida, shuningdek, Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasining Mari viloyat boshqarmasida mahalliy tadbirkorlar bilan muloqot qildi.
Uchrashuvda ikki davlat ishbilarmonlar doiralari vakillari o'rtasida sheriklikni kengaytirish, sanoat va agrotexnologiya sohalarida qo'shma loyihalarini ishlab chiqish hamda savdo aloqalarini faollashtirish orqali hududlararo hamkorlik samaradorligini yanada oshirish istiqbollari belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi