Logo

Polshaning mebel ishlab chiqish kompaniyasi IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etadi

May 17, 2025. 12:29 • 58 soniya

44
Polshaning mebel ishlab chiqish kompaniyasi IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etadi

VARSHAVA, 17-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston diplomatlari Polshaning "Norco" kompaniyasida bo'lib, korxona rahbari Rafal Kilian bilan uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tomonlar O'zbekistonda mebel ishlab chiqarish va interyer yechimlarini amalga oshirish borasida yuqori salohiyat mavjudligini qayd etib, qo'shma loyihalarni amalga oshirish, texnologiya va tajriba almashish, shuningdek, mahalliylashtirish jarayonlarini yo'lga qo'yish masalalarini muhokama qildilar.

Polsha tomoni e'tiboriga O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va "Termiz xalqaro savdo markazi" erkin savdo zonasi faoliyati to'g'risidagi videolavhalar namoyish etildi.

Muzokaralar yakunida "Norco" kompaniyasi vakillarining 2025-yil 10-12-iyun kunlari bo'lib o'tadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi bo'yicha kelishuvga erishildi.

Mazkur forumda ishtirok etish kompaniyaga O'zbekiston bozoridagi investitsiya muhitini yaqindan o'rganish, biznes hamkorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot o'rnatish va yangi loyihalarni muhokama qilish imkoniyatini taqdim etadi.

Diplomatlar uchun korxona bo'ylab ekskursiya uyushtirildi. Unda mebel mahsulotlarini loyihalash, tayyorlash va o'rnatish jarayonlari bilan tanishildi.

"Norco" kompaniyasi Polsha bozorida ofislar, savdo majmualari, mehmonxonalar, restoranlar va turli jamoat binolari uchun funksional va zamonaviy interyer yechimlarini ishlab chiqish va o'rnatish bo'yicha yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya faoliyatida innovatsion yondashuvlar, yuqori sifat standartlari va ekologik tozalikka alohida e'tibor qaratiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish