Novosibirskda O'zbekiston mahsulotlari shou-rumi hamda Farg'ona va Surxondaryo viloyatlari savdo uylari tashkil etilishi mumkin
Iyul 07, 2025. 14:05 • 2 daq
• 148
NOVOSIBIRSK, 7-iyul. / "Dunyo" AA/. Novosibirsk viloyatida O'zbekiston-Novosibirsk biznes-forumi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Forum mamlakatimiz Bosh konsulxonasi, Novosibirsk viloyati Eksportni qo'llab-quvvatlash markazi hamda Sibir, Ural va Uzoq Sharq investorlari klubi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Farg'ona va Surxondaryo viloyatlari rasmiylari va tadbirkorlaridan iborat yurtimiz delegatsiyasi, shuningdek, Novosibirsk viloyatining ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Iqtisodiy anjumanning yalpi majlisida so'zga chiqqan Novosibirsk viloyati sanoat, savdo va tadbirkorlikni rivojlantirish vaziri o'rinbosari Dmitriy Grishunin hududning O'zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish muhimligini alohida ta'kidladi.
O'zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov o'z navbatida, novosibirsklik tadbirkorlarga xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, jumladan, "Qo'qon" EIZ hududidagi imkoniyatlar, O'zbekiston bozoriga kirish shartlari va tartibi haqida ma'lumot berdi.
Novosibirsk viloyati ishbilarmon doiralari vakillari qishloq xo'jaligi, metallurgiya, kimyo sanoati, isitish qozonlari ishlab chiqarish, tibbiy asbob-uskunalar va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish kabi yo'nalishlarda o'z biznes-loyihalarini taqdim etdilar.
Biznes-forum davomida, novosibirsklik tadbirkorlarning mahsulotlarini "Termiz" erkin iqtisodiy zonasi orqali Afg'onistonga yetkazib berish bo'yicha hamkorlik masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.
Tomonlar joriy yil noyabr oyida "Termiz" erkin iqtisodiy zonasi hududida Novosibirsk viloyatining alohida ko'rgazma pavilyonini ochish, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha barcha zarur masalalarni hal qilish uchun Surxondaryo viloyatiga biznes-missiya tashkil etish bo'yicha kelishib oldilar.
Shuningdek, O'zbekistonning Novosibirskda chakana va ulgurji savdoga mo'ljallangan, doimiy faoliyat ko'rsatuvchi shou-rumini hamda Farg'ona va Surxondaryo viloyatlarining savdo uylarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Iqtisodiy forum yakunida Rossiya tomoni bilan birgalikda mamlakatimiz mahsulotlari va xomashyolarining elektron platformasini yaratishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi