Logo

Pokistonning Sahival shahri biznes delegatsiyasi O'zbekistonda tadbirkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyatlarini o'rgandi

Sentabr 01, 2025. 15:26 • 2 daq

51
Pokistonning Sahival shahri biznes delegatsiyasi O'zbekistonda tadbirkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyatlarini o'rgandi

TOSHKENT, 1-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning elchixonasi ko'magida Sahival sanoatchilari uyushmasi raisi Muhammad Kashif Riaz boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga biznes-missiyasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibidan Sahival shahrining qishloq xo'jaligi, urug'chilik, chorvachilik, farmatsevtika, avtomobil ehtiyot qismlari, kiyim-kechak ishlab chiqarish, turizm, ta'lim hamda eksport-import yo'nalishlarida faoliyat yurituvchi yirik tadbirkorlik subyektlari rahbarlari o'rin oldi.

Safar davomida mehmonlar O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi, Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi, Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimliklari, shuningdek, mamlakatimizdagi turizm kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o'tkazdilar.

Uchrashuvlarda qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish, urug'chilik, qo'shma investitsiya loyihalari amalga oshirish, ta'lim jarayoniga ilg'or metodlarni joriy etish va qo'shma fakultetlar tashkil etish, birgalikda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, turizm, jumladan ziyorat turizmini rivojlantirish kabi yo'nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Qishloq xo'jaligi sohasida delegatsiya vakillari "Abduazim Agro" fermer xo'jaligi hamda "Agrokontinent" kompaniyasi faoliyati bilan tanishib, kelgusida tajriba tariqasida hamkorlikda O'zbekistonda poliz ekinlari, jumladan kartoshka yetishtirish bo'yicha loyiha amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o'tkazilgan muzokaralarda Pokiston universitetlari filiallarini ochish va zamonaviy metodikalarni ta'lim jarayoniga tatbiq etish masalalari ko'rib chiqildi.

Investitsiyalar sohasida mehmonlarga yurtimizda biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar va ustunliklar, investorlarga beriladigan imkoniyatlar, agentlik faoliyatining asosiy yo'nalishlari to'g'risida taqdimot o'tkazildi.

Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligida esa biologik faol qo'shimchalar ishlab chiqarishga oid takliflar ko'rib chiqildi. Shuningdek, delegatsiya a'zolari "Tashkent Pharma Park" va u yerda investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi.

Hududiy tashriflar chog'ida Samarqand va Buxoro viloyatlarida ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida "G2B" va "B2B" muloqotlar tashkil etilib, qishloq xo'jaligi, urug'chilik, to'qimachilik, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, turizm yo'nalishlarida hamkorlik loyihalari yuzasidan kelishuvga erishildi.

Turizm sohasida esa O'zbekiston va Pokiston o'rtasida sayyohlar oqimini oshirish, qo'shma turistik marshrutlarni ishlab chiqish bo'yicha fikr almashildi. Ikki tomon turistik kompaniyalari o'rtasida anglashuv memorandumlarini imzolash, qisqa fursatlarda amaliy hamkorlikni yo'lga qo'yishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish