Polshaning Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi va Jizzax viloyati o'rtasida hamkorlik yo'lga qo'yiladi
May 03, 2025. 11:00 • 2 daq
• 66
VARSHAVA, 3-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi diplomatlari ishchi safari bilan Polshaning Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligiga bordilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Safar davomida O'zbekiston hududlari va Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi o'rtasidagi hamkorlikni barcha sohalarda rivojlantirish maqsadida voyevodlik marshali o'rinbosari Zbignev Ostrovski, Polsha hukumati vakili – voyevoda Mixal Shtibel, Torun shahar meri Pavel Gulevski va Bidgosh shahar meri Rafal Bruskiy bilan muzokara o'tkazildi.
Muzokara chog'ida Jizzax viloyati va Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi o'rtasida hududlararo hamkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, joriy yilning 21-23-may kunlari Torun shahrida "Xalqaro hamkorlik modellarining xilma-xilligi va tasavvur qilinayotgan kelajak" mavzusida o'tkaziladigan XII Xalqaro Osiyo kongressida O'zbekiston tomonining faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi hamda anjuman doirasida biznes-forum tashkil etish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
O'zbekiston diplomatlari Bidgosh sanoat va texnologiya parki direktori Robert Piatkovskiy hamda qator mahalliy tadbirkorlar bilan alohida uchrashuv o'tkazdilar. Polsha vakillariga Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar, O'zbekiston-Polsha ikki tomonlama munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, hududlararo hamkorlik yo'nalishlari, shuningdek Jizzax viloyatidagi iqtisodiy va investitsiya muhiti haqida batafsil ma'lumot berildi.
Polshaning "Atos Poland Global Services" va "LES Higiena" kompaniyalari rahbarlari bilan o'tkazilgan muzokaralar yakuniga ko'ra, O'zbekistonda o'zaro manfaatli qo'shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo'yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi Polshaning shimoli-markaziy qismida joylashgan. Hudud oziq-ovqat, qishloq xo'jaligi, kimyo, elektrotexnika, transport va kommunikatsiya kabi yetakchi tarmoqlar rivojlangan markaz hisoblandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi