Polshaga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti yanada oshiriladi
Fevral 17, 2026. 09:13 • 2 daq
• 221
VARSHAVA, 27-fevral. /“Dunyo” AA/. Elchixona tashabbusi bilan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Xayrullo Soliyev va Polshadagi “Topaz” kompaniyasi sotuv departamenti direktori Marek Plixta o‘rtasida onlayn suhbat tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda elchixona diplomatlari, O‘zbekistonning vinochilik sohasidagi yetakchi korxonalaridan biri “Toshkentvino kombinati” AJ vakillari ham ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Polsha bozorida yuqori sifatli, ekologik toza va raqobatbardosh narxlarda taklif etilayotgan o‘zbek mahsulotlariga qiziqish izchil ortib borayotgani taʼkidlandi.
Xususan, O‘zbekistondan Polshaga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, meva-sabzavotlar, quritilgan mahsulotlar, sharbatlar hamda vinochilik mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahsulot namunalarini yuborish va kelgusida B2B formatdagi qo‘shimcha muzokaralarni tashkil etish bo‘yicha kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi