Logo

Pokiston biznesiga O‘zbekistondagi 29 ta to‘qimachilik korxonasini sotib olish yoki boshqaruvga olish taklif etildi

Aprel 04, 2026. 12:30 • 2 daq

47
Pokiston biznesiga O‘zbekistondagi 29 ta to‘qimachilik korxonasini sotib olish yoki boshqaruvga olish taklif etildi

ISLOMOBOD, 4-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida ikki mamlakat to‘qimachilik sanoati vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev va “Indus Group” kompaniyasi bosh direktori Asif Xan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Muloqot jarayonida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga Pokiston investitsiyalarini jalb qilishga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni sohaning hozirgi holati, imkoniyatlari, davlat tomonidan berilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari va investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berdi.

Mamlakatda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishning afzalliklari taʼkidlandi. MDH bozorlariga imtiyozli kirish va Yevropa Ittifoqining “GSP+” tizimi doirasidagi imkoniyatlar ham qayd etildi.

Tomonlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, jumladan, imtiyozli kreditlar, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun subsidiyalar, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish va sertifikat olish masalalarini muhokama qildi. Shu bilan birga, zamonaviy ERP tizimlarni joriy etishga ham eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda infratuzilmani rivojlantirish, xorijda omborlar tashkil etish va muqobil energiya manbalaridan foydalanish kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida Pokiston tomoniga O‘zbekistondagi 29 ta to‘qimachilik korxonasini sotib olish yoki boshqaruvga berish imkoniyati taklif etildi.

Asif Xan o‘z navbatida “Indus Group” faoliyati haqida maʼlumot berib, kompaniyaning bir qator mamlakatlarda ishlab chiqarish quvvatlari mavjudligini va xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilib kelayotganini taʼkidladi. U taklif etilgan loyihalarni o‘rganishga qiziqish bildirib, O‘zbekistonga tashrif buyurish niyati borligini aytdi.

Muzokaralar davomida tarif to‘siqlari, xomashyo importi va hisob-kitob tizimlari kabi amaliy masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yakunda tomonlar hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun muntazam muloqotni davom ettirish va o‘zaro tashriflarni tashkil etishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish