Logo

O'zbekistonda "Uzbekistan+Sri Lanka" brendi ostida choy mahsulotlari ishlab chiqarilishi mumkin

Iyul 29, 2025. 09:48 • 2 daq

85
O'zbekistonda "Uzbekistan+Sri Lanka" brendi ostida choy mahsulotlari ishlab chiqarilishi mumkin

KOLOMBO, 29-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Shri-Lankadagi elchisi (qarorgohi Islomobod shahrida joylashgan) Alisher To'xtayev ushbu mamlakatning "ESNA Ceylon Teas" kompaniyasi prezidenti Savinda Jayyanetti bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv davomida "ESNA" brendi ostidagi choy mahsulotlarini O'zbekistonda qadoqlash va tarqatish, Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari bozorlariga yo'naltirilgan eksport-logistika platformasini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur tashabbusni amalga oshirish uchun mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalarda xorijiy hamkorlarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Kompaniya rahbari Savinda Jayyanetti mazkur loyiha bo'yicha dastlabki ishlarni boshlash, jumladan, O'zbekiston choy bozorini tahlil qilish, iste'molchi profili va logistika imkoniyatlarini o'rganishga tayyorligini bildirdi.

Hamkorlikning asosiy konsepsiyasi sifatida quruq seylon choyini O'zbekistonga yetkazib berish, erkin iqtisodiy zona hududida qadoqlash, mahalliy ta'mlarga moslashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish va mintaqaviy bozorlarga eksport qilish taklif etildi.

Choy qadoqlashdan tashqari, kelgusida maxsus choy butiklarini tashkil etish, "choy madaniyati"ni turizmning alohida tarmog'i sifatida rivojlantirish va "Uzbekistan+Sri Lanka" brendi ostida mahsulot ishlab chiqarish borasidagi takliflar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi

Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirishning tashkiliy jihatlari, jumladan kompaniya prezidentining mamlakatimizga safarini tashkil etish, loyiha taqdimotini o'tkazish, o'zbek sheriklar bilan muzokaralar olib borish va taklif etilayotgan binolarni o'rganish bo'yicha kelishuvga erishildi.

"ESNA Ceylon Teas" kompaniyasi 1931-yilda tashkil etilgan. U bugungi kunda Shri-Lankaning choy sanoatidagi yetakchi kompaniyalaridan biri bo'lib, 50 dan ortiq turdagi yuqori sifatli elita choy mahsulotlarini ishlab chiqaradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish