Logo

O'zbekiston hududlari va Pokistonning Xayber-Paxtunxva provinsiyasi o'rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko'tarilmoqda

Iyun 01, 2025. 12:29 • 55 soniya

88
O'zbekiston hududlari va Pokistonning Xayber-Paxtunxva provinsiyasi o'rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko'tarilmoqda

ISLOMOBOD, 1-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokistonning Xayber-Paxtunxva provinsiyasi gubernatori Faysal Karim Kundi bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot davomida O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, iqtisodiyot, investitsiya, transport, ta'lim, madaniyat va turizm kabi sohalarga alohida e'tibor qaratildi.

O'z navbatida, gubernator O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan mintaqaviy bog'liqlik tashabbusini qo'llab-quvvatlashini aytib, Pokiston hukumati O'zbekiston bilan barcha yo'nalishlarda ikki tomonlama munosabatlarni jadallashtirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini qayd etdi.

Uchrashuvda shuningdek, Transafg'on temir yo'l loyihasiga ham to'xtalib o'tildi. Pokistonlik mulozim mazkur loyiha Xayber-Paxtunxva, xususan, Xarlachi orqali o'tishi butun provinsiya uchun strategik ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.

Bundan tashqari, suhbat chog'ida 2022-yilda Surxondaryo viloyati hokimligi va Xayber-Paxtunxva provinsiyasi hukumatlari o'rtasida imzolangan Hamkorlik to'g'risidagi anglashuv memorandumi doirasida, amaliy tadbirlarni faollashtirish yuzasidan ham fikr almashildi.

Muloqot yakunida Termiz va Peshovar shaharlari o'rtasida birodarlashgan shaharlar maqomini o'rnatish bo'yicha hujjat loyihasini ishlab chiqish hamda joriy yilning avgust oyida gubernator boshchiligidagi Xayber-Paxtunxva ishbilarmonlar delegatsiyasining O'zbekistonga ishchi safarini tashkil etish xususida kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish