Logo

O'zbekiston hududlari va Rossiyaning Buryatiya Respublikasi o'rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko'tariladi

May 27, 2025. 07:28 • 2 daq

115
O'zbekiston hududlari va Rossiyaning Buryatiya Respublikasi o'rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko'tariladi

ULAN-UDE, 27-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Buryatiya Respublikasi hukumati raisi o'rinbosari – qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat vaziri Amgalan Darmayev raisligida bo'lib o'tgan kengaytirilgan yig'ilishda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Buryatiya hukumati raisi o'rinbosari, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat vaziri Amgalan Darmayev O'zbekiston bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni, ayniqsa, dehqonchilik va chorvachilik sohasida rivojlantirish muhimligiga alohida e'tibor qaratdi.

Vazir Amgalan Darmayev O'zbekiston buryatiyalik fermerlar uchun istiqbolli bozor ekanini, chorvachilik, shuningdek, go'sht mahsulotlari eksportini ko'paytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta'kidladi. Uning aytishicha, bu Buryatiya fermerlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi va ikki mamlakat hududlari, xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasi bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muloqotning asosiy mavzusi agrosanoat sohasida o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo'ldi.

O'zbekiston bosh konsuli mamlakatimizdan Buryatiyaga va undan keyin Uzoq Sharq mintaqalariga qishloq xo'jaligi mahsulotlarini, shuningdek, Buryatiyadan O'zbekistonga yirik va mayda shoxli mollar hamda ot yetkazib berishni ko'paytirish masalasiga alohida e'tibor qaratdi.

O'tgan yilning may oyida Qoraqalpog'iston Vazirlar Kengashi va Buryatiya hukumati o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolangani ko'p qirrali hamkorlikni, jumladan, naslli chorvachilikni rivojlantirishni rag'batlantirishga qaratilgani ta'kidlandi.

Muloqot chog'ida, shuningdek, Buryatiyaga O'zbekiston sabzavot va mevalarini yetkazib berishni tashkil etish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston tomoni yurtimizdan meva-sabzavot mahsulotlarini import qilish uchun Buryatiyada Ulgurji tarqatish markazini tashkil etish imkoniyatini ko'rib chiqishni taklif qildi.

Toshkent va Ulan-Ude shaharlaridagi ta'lim muassasalarida, jumladan, musiqa maktablarida tahsil olayotgan maktab o'quvchilarining ta'lim almashinuvini kengaytirish bo'yicha tashabbusiga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha tomonlar Buryatiya Rosselxoznadzori vakillari ishtirokida O'zbekistonga yirik va mayda shoxli mollarni yetkazib berish, shuningdek, mamlakatimizdan Buryatiyaga mahalliy qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo'yicha ulgurji tarqatish markazini tashkil etish masalalari bilan shug'ullanuvchi qo'shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish