Logo

Turkiyaning Gaziantep shahrida "O'zbek palovi" musobaqasi o'tkaziladi

Avgust 13, 2025. 12:12 • 2 daq

72
Turkiyaning Gaziantep shahrida "O'zbek palovi" musobaqasi o'tkaziladi

GAZIANTEP, 13-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ilhom Haydarov boshchiligidagi mamlakatimiz elchixonasi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Turkiyaning Gaziantep viloyatida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida viloyat gubernatori va meri, savdo va sanoat palatalari raislari hamda o'zbek diasporasi faollari uchrashuvlar o'tkazildi.

Gaziantep viloyati gubernatori vazifasini bajaruvvchisi Sedat Sezik va mer Fatma Shaxin bilan kechgan muloqot chog'ida O'zbekiston va Turkiya hududlari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar, madaniy-ma'rifiy aloqalarning jadal rivojlanib borayotgani ta'kidlandi. Gaziantep mutaxassislarining O'zbekistonda gilamchilik sohasini rivojlantirishda qo'shgan hissasi alohida qayd etildi.

Tomonlar Gaziantep va Samarqand o'rtasida o'rnatilgan qardoshlik aloqalari doirasida turli tadbirlarni o'tkazish bo'yicha fikr almashdilar.

"Yoshligimdan O'zbekiston va uning tarixi haqidagi hikoyalarni eshitib katta bo'lganman. Mashhur olimimiz Ilber Ortayli "Sayohatnoma" asarida inson hayoti davomida, albatta ziyorat qilishi kerak bo'lgan 5 ta shahar haqida yozadi va ularning ikkitasi – O'zbekistonning marvaridlari bo'lgan Samarqand va Buxorodir. Sizlarni ishontirib ayta olamanki, Gaziantepdagi har bir qardoshingiz ushbu tuyg'ular bilan ulg'ayadi. Bu aslida bizlarning "Ota yurt"ga bo'lgan sog'inchimiz va ehtiromimizning ifodasidir", – dedi Sedat Sezik.

Gaziantep meri Fatma Shaxinning ta'kidlashicha, bu yil may oyida O'zbekistonga bo'lgan tashrif unda chuqur taassurot qoldirgan. "Nima uchun avvalroq kelmadim, deya o'zimni koyidim. "Ota yurt"da xuddi o'zimni uyimdagidek his qildim, orom oldim. Ishoning, qaytganimdan beri har bir uchrashuvimda O'zbekistonning targ'ibotchisiga aylandim. Bundan buyon shahrimizda bo'lib o'tadigan tadbirlarda qardosh shahrimiz Samarqand asosiy hamkorlarimizdan biri bo'ladi. Sentyabr oyida tashkil etiladigan Gaziantep gastronomiya festivaliga o'zbek oshpazlarini taklif etib, "O'zbek Palov" musobaqasini tashkil etamiz. Yakuniy imtihonlarda birinchilikni qo'lga kiritgan yoshlarimizni Samarqand va Buxoro shaharlariga ziyoratga yuborishga qaror qildik. O'zbekiston hududlari bilan barcha sohalarni aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz",– dedi u.

Tashrif doirasida, Gaziantepdagi Savdo hamda Sanoat palatalari, shuningdek, shahardagi Birja rahbarlari ishtirokida qo'shma biznes-forum tashkil etildi. Yuzdan ortiq mahalliy tadbirkorlar qatnashgan forumda O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati haqida so'zlab berildi, turk ishbilarmonlarini qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi. Oziq-ovqat, meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash, to'qimachilik, sog'liqni saqlash, elektron tijorat kabi sohalardagi tadbirkorlar O'zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni o'rnatishga qiziqish bildirdilar. 

Gaziantepliklarning O'zbekistonga bo'lgan katta qiziqishini inobatga olib, shahar savdo palatasi raisi Mehmet Tunjay Yildirim rahbarligidagi mahalliy tadbirkorlar guruhining mamlakatimizga biznes-missiyasini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish