Logo

Turkiyaning Kahramanmarash shahrida o'zbek xalqining buyuk ajdodlaridan birining haykali o'rnatilishi mumkin

Avgust 08, 2025. 18:09 • 2 daq

68
Turkiyaning Kahramanmarash shahrida o'zbek xalqining buyuk ajdodlaridan birining haykali o'rnatilishi mumkin

KAHRAMANMARASH, 8-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ilhom Haydarov amaliy tashrif bilan Turkiyaning Kahramanmarash viloyatida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida elchi Ilhom Haydarov Kahramanmarash viloyati gubernatori Mukarram Unluer va shahar meri Firat Go'rgel bilan muzokara o'tkazdi.

Xususan, Kahramanmarash viloyati gubernatori Mukarram Unluer bilan bo'lib o'tgan muloqot chog'ida O'zbekiston va Turkiya Prezidentlari o'rtasida qaror topgan samimiy va do'stona munosabatlar hududlararo hamkorlikka muhim asos bo'lib xizmat qilayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, O'zbekiston hududlari va Kahramanmarash viloyati o'rtasidagi sheriklik izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Tomonlar Kahramanmarash viloyati ishbilarmon doiralari bilan tekstil, qishloq xo'jaligi va zargarlik sohalarida O'zbekistonda qo'shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratdilar.

– O'zbekiston turkiy xalqlar va jahon sivilizatsiyasiga qo'shgan ulkan hissasi bilan Turkiyadagi har bir kishining qalbidan alohida o'rin egallagan, – dedi viloyat gubernatori Mukarram Unluer. – Ikki yil avval Turkiyada sodir bo'lgan zilzilalar vaqtida o'zbek xalqi tomonidan ko'rsatilgan insonparvarlik yordamini turk xalqi hech qachon unutmaydi.

Yaqinda esa oilamni ota yurtimiz – O'zbekistonga yubordim. Ular juda katta taassurotlar bilan qaytdi. O'zim ham O'zbekistonga safar qilishni rejalashtiryapman. Men O'zbekistonda kechayotgan ortga qaytmas islohotlar jarayoni diqqat bilan kuzatayapman va qardoshlaringiz o'laroq, sizning yutuqlaringiz bilan faxrlanaman".

Kahramanmarash shahri meri Firat Gorgel bilan kechgan muloqot chog'ida 2022-yilda Andijon va Kahramanmarash o'rtasida o'rnatilgan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish, delegatsiyalar almashinuvini ko'paytirish va o'zaro tajriba almashish muhimligi ta'kidlandi.

Mer Firat Gorgel Kahramanmarash shahridagi ko'chalar va bog'lardan biriga O'zbekiston bilan bog'liq nom berilishini ma'lum qildi.

Muzokaralar yakunida, Kahramanmarash shahrida o'zbek xalqining buyuk ajdodlaridan birining haykalini o'rnatish bo'yicha loyihani birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish