Logo

Jazoir O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatidagi tajribasiga katta qiziqish bildirdi

May 08, 2026. 08:10 • 2 daq

452
Jazoir O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatidagi tajribasiga katta qiziqish bildirdi

JAZOIR, 8-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev (qarorgohi Qohira shahrida) Jazoirning konchilik va tog‘-kon sanoati vaziri Murod Hanifiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida tomonlar tog‘-kon sanoati va geologiya-qidiruv sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. O‘zbekiston va Jazoirning ushbu yo‘nalishda hali ishga solinmagan ko‘plab loyihalar mavjudligi taʼkidlandi.

Jazoir tomoni yaqinda Energetika va konchilik vazirligi alohida tuzilmaga ajratilgani munosabati bilan xorijiy davlatlar, ayniqsa, O‘zbekiston bilan tog‘-kon va geologiya sohalarida sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Jazoir hududi bo‘yicha Afrikaning eng yirik davlati bo‘lib, fosfatlar, temir, rux va boshqa foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan ulkan tabiiy resurs zaxirasiga ega. Mamlakatda xorijiy hamkorlar ishtirokida xomashyoni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muloqot chog‘ida Jazoir geologiya-qidiruv va tog‘-kon sanoati sohasida zamonaviy texnologiyalar hamda ilg‘or yechimlarga ehtiyoj sezayotgani, ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Vazir 2025-yilda mamlakatning tog‘-kon sanoatida mineral resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va sohani boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilik islohotlari amalga oshirilganini taʼkidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar soha rivojlanishining yangi bosqichini ochib beradi. Bunda davlat bir vaqtning o‘zida strategik nazoratni saqlab qolgan holda, xorijiy kapital va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantiradi.

Jazoir tomoni, shuningdek, qo‘shma geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda Jazoir va Afrikaning boshqa mamlakatlari uchun uran yetkazib berish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish