Logo

O'zbekiston elchisi Pokiston Bosh vazirining maxsus yordamchisi bilan mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildi

Avgust 29, 2025. 08:08 • 2 daq

66
O'zbekiston elchisi Pokiston Bosh vazirining maxsus yordamchisi bilan mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildi

ISLOMOBOD, 29-avgust. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchisi Alisher To'xtayev Pokiston hukumatining O'zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun mas'ul vakili, Bosh vazirning sanoat masalalari bo'yicha maxsus yordamchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Harun Axtar Xan bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini belgilash, investitsiya va eksport salohiyatini oshirish orqali amaliy natijalarga erishish, mamlakatlarimiz o'rtasida moliyaviy operatsiyalarni yengillashtirish mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

O'zaro hamkorlikni jadallashtirish uchun ikki tomon vazirlik va idoralari o'rtasida muloqotni yo'lga qo'yish, sohalar bo'yicha aniq takliflarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.

Pokiston Bosh vazirining maxsus yordamchisi ikki davlat rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarning ijrosini birgalikda doimiy monitoring qilish, savdo, sanoat, investitsiya va transport sohalarida yangi loyihalarni ishlab chiqish, ikki mamlakat tadbirkorlari o'rtasida sheriklik aloqalarini kuchaytirish uchun muntazam asosda O'zbekiston-Pokiston biznes-forumlarini tashkil etish zarurligini ta'kidladi.

Qo'shma investitsiya loyihalari yo'nalishidagi jarayonlarni yana-da kuchaytirish uchun ikki tomon tadbirkorlarining O'zbekiston va Pokiston hududidagi erkin iqtisodiy va sanoat zonalaridagi imkoniyatlar va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish, bu borada o'zaro tajriba almashishning ahamiyatiga ham to'xtalib o'tildi. Jumladan, Surxondaryo viloyatidagi "Airitom Free Zone" tajribasini Pokistonning turli chegara hududlarida tatbiq etish tashabbusi ilgari surildi.

Uchrashuvda, shuningdek, ikki tomon kelishuvlarning to'liq va o'z vaqtida ijrosini ta'minlash, kechikayotgan vazifalarni aniq mexanizmlar asosida amalga oshirishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish