Logo

Abu-Dabida O'zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan biznes-forum tashkil etildi

Iyul 11, 2025. 07:25 • 59 soniya

95
Abu-Dabida O'zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan biznes-forum tashkil etildi

ABU-DABI, 10-iyul. /"Dunyo" AA/. Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida O'zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan biznes-forum bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Forum O'zbekiston elchixonasi tomonidan "EurAsia Gulf" uyushmasi va "Capital Club Dubai" kompaniyasi bilan birgalikda tashkil etildi.

O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida BAA biznesi vakillarini yaqindan xabardor qilish maqsadida tashkil etilgan tadbirda tibbiyot, transport, qurilish, sport menejmenti, konsalting sohalaridagi ishbilarmon doiralari vakillari va moliya tashkilotlari rahbarlari qatnashdi.

Yig'ilganlar so'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va ularning samarali natijalari, soliq tizimini soddalashtirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish bo'yicha dasturlar bilan tanishdilar. Davlatimiz rahbari huzuridagi xorijiy investorlar kengashi faoliyati, raqamlashtirilgan elektron hukumat xizmatlari va valyuta bozorini liberallashtirishga oid muhim ma'lumotlar haqida ta'kidlandi.

O'zbekistonda energetika, tog'-kon va geologiya, farmatsevtika sanoati, to'qimachilik va qurilish sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish taklifi bildirildi. Shuningdek, ushbu loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirgan BAA kompaniyalari rahbarlarining O'zbekistonga biznes-missiyasini uyushtirish masalasi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tadbir davomida BAA ishbilarmon doiralari vakillari e'tiboriga O'zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi, sayyohlik va investitsiyaviy salohiyatiga bag'ishlangan videolavhalar namoyish etildi. 

Forum yakunida savdo-iqtisodiy, turizm va investitsiyaviy hamkorlikni boshlash, yangi qo'shma loyihalarni ishlab chiqish, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishda zarur sharoitlarni yaratish bo'yicha kelishuv erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish