Lodz shahrida O'zbekiston-Polsha hududlararo hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Iyun 22, 2024. 10:20 • 2 daq
• 145
VARSHAVA, 22-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Amirsaid Agzamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Polshaning Lodz voyevodligida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif iqtisodiy diplomatiya sohasidagi O'zbekiston–Polsha munosabatlarini, xususan hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
O'zbekiston elchisi safar davomida Lodz voyevodligi (viloyati) prezidenti o'rinbosari Adam Pustelnik bilan uchrashuv o'tkazdi.
Qayd etilishicha, Lodz voyevodligi Polshaning to'qimachilik sanoati va qishloq xo'jaligi sohalari rivojlangan yetakchi hududlaridan biri hisoblanadi. O'zbekistondan Polshaga eksport qilinadigan yengil sanoat mahsulotlarining asosiy qismi ushbu viloyat hissasiga to'g'ri keladi. Hozirgi kunda ushbu hududda O'zbekiston kompaniyalarining 4 ta savdo uylari faoliyat yuritmoqda.
O'zbekiston rasmiy vakili Farg'ona viloyati va Lodz o'rtasida birodarlik aloqalarini o'rnatish borasida tegishli memorandumni imzolash hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish maqsadida ushbu hudud tadbirkorlarining O'zbekistonga biznes missiyasini tashkil qilish taklifini bildirdi.
Lodz prezidenti o'rinbosari Adam Pustelnik taklifni mamnunlik bilan qabul qildi va to'qimachilik, agrosanoat, farmatsevtika, transport-logistika, elektroenergetika, mashinasozlik, axborot texnologiyalari, turizm va madaniy-gumanitar yo'nalishlarida Farg'ona viloyati bilan yaqin hamkorlik o'rnatishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
"Lodz maxsus iqtisodiy zonasi nafaqat Polsha, balki Yevropa hududidagi kichik va yirik kompaniyalarni o'zida birlashtiradigan eng yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan, Biz Farg'onadagi erkin iqtisodiy zonalarning ushbu zona bilan ham o'zaro aloqalarini o'rnatishda ko'mak berishga tayyormiz. Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish, xususan Farg'onadan Lodzga ishchilarni jalb qilish imkoniyatlari ham bor", dedi u.
O'zbekiston diplomatik missiyasi vakillari Lodz savdo-sanoat palatasida Polsha sanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etishdi. Unda Polsha parlamenti senatorlari, mahalliy hukumat, ishbilarmon va jurnalistika doiralari vakillari ham qatnashdi.
Tadbir davomida Farg'ona viloyati Savdo-sanoat palatasi va Lodz savdo-sanoat palatasi o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish hamda kichik va o'rta biznes vakillarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Elchixona xodimlari tomonidan o'tkazilgan taqdimotda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, O'zbekiston–Polsha hamkorligi holati va istiqbollari, ikki mamlakat viloyatlari o'rtasida hududlararo aloqalar, Yangi O'zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyati to'g'risida batafsil so'zlab berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi