Hindistonda O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va ta'lim salohiyati taqdim etildi
Iyul 22, 2025. 15:34 • 2 daq
• 90
DEHLI, 22-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi hamda Hindiston Global savdo va texnologiyalar kengashi (Global Trade and Technology Council of India – GTTCI) tomonidan tashkil etilgan "Investorlar kuni" xalqaro forumida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va ta'lim salohiyati taqdim etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Elchi Sardor Rustamboyev O'zbekistonda so'nggi yillarda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko'lamli yangilanish jarayoni natijalari, iqtisodiyotning turli jabhalarida erishilayotgan yuksak natijalar, xorijiy ishbilarmon doiralari vakillari bilan jadal rivoj topayotgan sheriklik aloqalari xususida batafsil so'zlab berdi.
Izchil islohotlar samarasida O'zbekistonning xorijiy davlatlar, jumladan, Hindiston bilan munosabatlari mustahkamlanayotgani, bu, jumladan, o'zaro savdo-sotiq hajmi oshayotgani, to'qimachilik, axborot texnologiyalari, farmatsevtika, ta'lim, turizm va boshqa yo'nalishlarda erishilayotgan natijalarda yorqin namoyon bo'layotgani qayd etildi.
"GTTCI" raisi Rashmi Saluja O'zbekistonda tadbirkorlik bilan shug'ullanish, bu yo'nalishda xalqaro hamkorlik qilish uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida so'z yuritdi. U O'zbekistonda hind tadbirkorlari ishtirokidagi qo'shma korxonalar safi kengayib borayotgani o'zaro savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga xizmat qilayotganini urg'uladi.
Hindiston Global savdo va texnologiyalar kengashi delegatsiyasi joriy yil iyun oyida bo'lib o'tgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etib, mamlakatimizning turli kompaniyalari va muassasalari bilan o'zaro manfaatli hamkorlik yo'nalishlarini belgilab olgan edi.
Xususan, yangi o'quv yilidan boshlab "GTTCI" tomonidan Qo'qon universitetining Andijon filialiga Hindistondan muntazam tarzda talabalar jalb qilish bo'yicha kelishuvga erishilgan. Ushbu rejalar ijrosi doirasida 2025/2026 o'quv yilida mazkur oliy ta'lim muassasasiga 300 nafar hind yigit-qizlarini jalb qilish bo'yicha sa'y-harakatlar boshlab yuborilgan. Kelasi yil ushbu ko'rsatkichni 8 mingtaga yetkazish ko'zda tutilmoqda. Talaba yoshlar O'zbekistonda olgan nazariy bilimlarini Hindistonning yirik davolash maskanlaridan biri bo'lgan Gangaram shifoxonasida amaliy jihatdan mustahkamlab boradi.
Tadbirda, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritadigan "7 Saber" kompaniyasining ishlab chiqarish salohiyati, bu yerda tayyorlanayotgan sifatli va xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulotlar, korxonaning eksport geografiyasi taqdim etildi.
"Investorlar kuni" tadbiri doirasida Hindiston kompaniyalari vakillari bilan O'zbekistonda yangi biznes loyihalarini amalga oshirish, investitsiyalar jalb qilish va mamlakatimiz mahsulotlarining eksport hajmini ko'paytirish masalalari muhokamasiga yo'naltirilgan muzokaralar o'tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi