Karachi shahrida O'zbekiston-Pokiston transport-logistika sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi
Iyun 30, 2025. 12:44 • 44 soniya
• 126
KARACHI, 30-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va mamlakatimiz elchisi Alisher To'xtayev Pokistonning Karachi shahriga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning "TCS" yirik transport-logistika va kuryerlik kompaniyasi rahbari Xalid Avan bilan uchrashdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot davomida O'zbekiston–Pokiston o'rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yana-da jadallashtirish, o'zaro eksport va import hajmini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.
"O'zbekiston rahbarining Markaziy va Janubiy Osiyoni qayta bog'lash tashabbusi so'nggi 10 yildagi strategik ahamiyatga ega yirik mintaqaviy voqelik hisoblanadi. Ikki mintaqa xalqlari manfaatiga yo'naltirilgan loyihalarda ishtirok etish biz uchun faxr", – dedi Xalid Avan.
Shuningdek, suhbat chog'ida Karachidan Toshkent va Samarqandga kargo parvozlarni yo'lga qo'yish dastur ustida ishlanayotgani, ichki tashkiliy masalalar hal qilinishi bilan ushbu loyiha amaliyotga tadbiq etilishi ma'lum qilindi.
Uchrashuv yakunida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va "TCS" transport-logistika va kuryerlik kompaniyasi o'rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi