Logo

Farg'ona viloyati va Polshaning Lodz voyevodaligi o'rtasida hududlararo hamkorlik yo'lga qo'yiladi

Oktabr 06, 2025. 11:12 • 2 daq

53
Farg'ona viloyati va Polshaning Lodz voyevodaligi o'rtasida hududlararo hamkorlik yo'lga qo'yiladi

VARSHAVA, 5-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Polshdagi elchixonasi diplomatlari ishchi safari bilan ushbu mamlakatning Lodz voyevodaligiga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida O'zbekiston va Polsha o'rtasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida voyevoda Dorota Ril va marshal o'rinbosari Pyotr Voytisyak bilan uchrashuvlar o'tkazildi. Polsha tomoni O'zbekistonni Markaziy Osiyoda muhim hamkor sifatida e'tirof etib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy sohalarda Farg'ona viloyati va Lodz voyevodaligi o'rtasida hududlararo hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.

Ikki hudud o'rtasida ishchi aloqalarni yo'lga qo'yish, qator sohalarda qo'shma tashabbuslarni ko'rib chiqish hamda tadbirkorlik subyektlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri muloqotni rivojlantirish muhimligi ta'kidlandi.

Shuningdek, Lodz savdo-sanoat palatasida mahalliy biznes vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Diplomatlar O'zbekiston-Polsha iqtisodiy hamkorligining holati va istiqbollari, O'zbekistonning, xususan Farg'ona viloyatining investitsiyaviy muhiti hamda hududlararo sheriklikning yangi yo'nalishlari to'g'risida taqdimot o'tkazishdi.

– Ushbu tadbir kompaniyamiz uchun juda qimmatli va ilhomlantiruvchi bo'ldi. Chunki biz eksport strategiyasini ishlab chiqyapmiz va hamkorlik uchun asosiy mintaqa sifatida O'zbekistonga katta qiziqish bildiryapmiz, – dedi  "Delia Cosmetics" kompaniyasi boshqaruvchi direktori Marchin Polyak. – Biz O'zbekistonga, uning madaniyatiga, jadal rivojlanishiga chuqur hurmat bilan qaraymiz. Kompaniyamiz uchun O'zbekiston tomoni bilan birgalikda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish katta sharaf. Biz kelajakdagi hamkorlikka umid qilamiz va bu har ikki tomon uchun ham foydali bo'lishiga ishonchimiz komil.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish