Logo

Kuala-Lumpurda O'zbekiston-Malayziya biznes-forumi va qishloq xo'jaligi mahsulotlari ko'rgazmasi bo'lib o'tdi

Sentabr 18, 2025. 11:17 • 3 daq

58
Kuala-Lumpurda O'zbekiston-Malayziya biznes-forumi va qishloq xo'jaligi mahsulotlari ko'rgazmasi bo'lib o'tdi

KUALA-LUMPUR, 18-sentabr. /"Dunyo" AA/. Kuala-Lumpur shahrida eksport masalalari bo'yicha O'zbekiston-Malayziya biznes-forumi va mamlakatimizda yetishtirilgan ho'l va quruq mevalar, qayta ishlangan qishloq xo'jaligi mahsulotlari hamda salqin ichimliklar ko'rgazmasi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashkilotchilar – mamlakatimiz elchixonasi, O'zbekiston qishloq xo'jaligi vazirligi, O'simliklar karantini va himoyasi agentligi, "Savdoni rivojlantirish kompaniyasi".

Tadbirlar O'zbekistonning yuqori sifatli sarxil va qayta ishlangan mevalarini Malayziya bozorida keng targ'ib qilish hamda Malayziyaning chakana, ulgurji va distribyutor kompaniyalari bilan o'zaro manfaatli savdo hamkorligini yo'lga qo'yish maqsadida tashkil etildi.

Unda O'zbekistondan 10 dan ortiq ishlab chiqaruvchi va eksportchi korxonalarning mahsulotlari namoyish etildi. Malayziyaning ulgurji va chakana savdosi bilan shug'ullanuvchi 20 dan ziyod kompaniya vakillari, jumladan, "MYDIN", "Rosyam Mart", "Trichy Marketing", "Eurofresh Sdn Bhd", "Harrico International Trading" va "Linkway Foods Sdn Bhd" kabi yirik savdo tarmoqlari va importyor kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev biznes-forumning ochilish qismidagi nutqida mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini bildirdi. Malayziyaga va ushbu mamlakat orqali Janubi-Sharqiy Osiyo bozoriga O'zbekiston meva-sabzavot va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish har ikki tomon uchun foydali ekanligi urg'ulandi.

Forum davomida ishtirokchilarga O'zbekistonning meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarining yuqori sifati va o'zgacha ta'mi, ularni Malayziyaga eksport qilishdagi mavjud imkoniyatlar, logistika va aviatashuvlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Tadbirda ishtirok etgan "InvestPerak" investitsiya agentligining operativ masalalar bo'yicha direktori Ahmad Shahir ushbu tashabbusning o'zaro savdo hajmini oshirishdagi ahamiyatini alohida ta'kidladi. Uning fikricha, tadbir Perak shtati va O'zbekiston hududlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri savdo aloqalarini o'rnatish hamda Ipoh va Toshkent shaharlarida savdo uylarini ochishga turtki bo'ladi.

Tadbir yakunida Malayziya vakillari O'zbekistondan keltirilgan sarxil va qayta ishlangan mevalar, shuningdek, salqin ichimliklardan bevosita tatib ko'rish imkoniyatiga ega bo'ldi. Ular mahsulotlarning yuqori sifati va o'ziga xos ta'miga yuqori baho berishdi. Muzokaralar natijasida tomonlar ushbu mahsulotlarni Malayziya bozoriga olib kirish va savdosini yo'lga qo'yishga kelishib oldilar.

Mohammad Rozlan, Malayziya Perak shtati Tadbirkorlik kotibiyati direktori:

– O'zbekiston elchixonasida bo'lib o'tgan tadbirda ishtirok etganimdan mamnunman. O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi vakillari tomonidan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar to'g'risidagi berilayotgan ma'lumotlar biz uchun foydali bo'ldi.

Tadbir doirasida mamlakatingizda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat, ho'l va quruq mevalar ham salqin ichimliklar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldik.

"Made in Uzbekistan" mahsulotlari taqdimoti O'zbekiston va Malayziya tadbirkorlari uchun hamkorlik qilish va o'zaro manfaatli kelishuvlarga erishish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi.

O'ylaymanki, shu kabi tadbirlar ikki mamlakat o'rtasidagi savdo hajmini yanada oshirishga turtki bo'ladi.

Rizali Ismail, "Meraque Group" kompaniyasi bosh ijrochi direktori:

– O'zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari, sarxil va quruq mevalar taqdimoti biz uchun foydali bo'ldi. Tadbir davomida mamlakatingizning qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksport salohiyati haqida batafsil ma'lumotlar oldik. O'zbekistondan keltirilgan sarxil mevalar bilan yaqindan tanishdim va ularni xarid qilish ustida ishlashni rejalashtiryapmiz.

O'zbekiston va Malayziya oziq-ovqat mahsulotlari bilan shug'ullanadigan kompaniyalari o'rtasidagi hamkorlik tobora rivojlanib borayotganining shohidi bo'lyapmiz.

Biz yaqin kelajakda O'zbekistonga safar uyushtirib, respublikada yetishtiriladigan sarxil meva-sabzavotlarni Malayziyaga olib kelish imkoniyatlarini o'rganib chiqmoqchimiz.

Shavqi Al-Yafey , "Easy Global Ventures" kompaniya rahbari:

– Kompaniyamiz O'zbekistondan "Delice" brendi ostida ishlab chiqarilayotgan sifatli shirinliklarni Malayziyaga bozoriga olib kiradi. Mazkur mahsulotlarni malayziyaliklar orasida keng targ'ib qilyapmiz.

Bugungi tadbir doirasida O'zbekistondan Kuala-Lumpurga kelgan tadbirkorlar bilan yangi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildik.

O'zbekistondan keltirilgan mevalar va oziq-ovqat mahsulotlari o'zining ta'mi va sifati bilan menda katta taassurot qoldirdi.

Ishonamanki, bunday tadbirlar kelajakda O'zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Malayziyadagi yirik savdo rastalari va do'konlarda doimiy ravishda sotilishini yo'lga qo'yishga ikon beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish