Logo

Buyuk Britaniya hukumatining rasmiy marosimlar uyida o'zbek milliy madaniyati va taomlari namoyish etildi

May 27, 2025. 12:06 • 2 daq

71
Buyuk Britaniya hukumatining rasmiy marosimlar uyida o'zbek milliy madaniyati va taomlari namoyish etildi

LONDON, 27-may. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya hukumatining rasmiy marosimlar uyi "Lankaster-Xaus"da Londonda joylashgan diplomatik vakolatxonalar ishtirokida madaniy an'analar va milliy taomlar festivali o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Festivalda 300 dan ziyod mehmon, jumladan Buyuk Britaniya hukumatining rasmiy vakillari, parlament a'zolari, mahalliy va xalqaro kompaniyalar, bank va moliyaviy institutlar rahbarlari va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.

Tadbirni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining o'rinbosari Ketrin Vest ochib berdi. O'z nutqida u mazkur festivalning asosiy maqsadi xalqaro madaniy hamkorlikni mustahkamlash, millatlar o'rtasida o'zaro tushunishni kuchaytirish va har bir xalqning boy madaniy merosini keng namoyon etish ekanini ta'kidladi.

O'zbekiston elchixonasi diplomatlari ham mazkur festivalda faol ishtirok etishdi. Pavilyonda o'zbek an'anaviy taomlari – palov, somsa, chuchvara va boshqa lazzatli taomlar, milliy hunarmandchilik buyumlari, an'anaviy liboslar hamda madaniy merosga oid eksponatlar namoyish etildi.

Mehmonlar o'zbek milliy taomlari bilan birga o'zbek milliy kuy va qo'shiqlari hamda raqslaridan bahramand bo'lishdi. O'zbekiston san'at ustalari tomonidan ijro etilgan qo'shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi

Tadbir davomida ko'plab mehmonlar, jumladan Buyuk Britaniya rasmiylari, xalqaro tashkilotlar va jamoatchilik vakillari o'zbek madaniyatiga katta qiziqish bildirdi. Ular ikki davlat o'rtasidagi madaniy va insonparvarlik sohalaridagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash muhimligini ta'kidladilar.

O'zbekistonning festivaldagi ishtiroki mamlakatimizning boy madaniy merosini xalqaro maydonda keng targ'ib qilish hamda madaniy aloqalarni rivojlantirishda muhim qadam bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish