Logo

O'zbekiston va Pokiston hududlararo savdo-iqtisodiy sherikligi yanada jadallashadi

Aprel 28, 2025. 11:22 • 2 daq

146
O'zbekiston va Pokiston hududlararo savdo-iqtisodiy sherikligi yanada jadallashadi

PESHOVAR, 28-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi xodimlari hududlararo savdo-iqtisodiy sheriklikni yana-da jadallashtirish masalalarini muhokama qilish maqsadida Pokistonning Peshovar shahriga bordi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Peshovar shahri Pokistonning yirik sanoat va eksportga yo'naltirilgan markazlaridan biri hisoblanadi. Ushbu hudud tibbiyot buyumlari, charm mahsulotlari, metall konstruksiyalar, to'qimachilik, kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarishi bilan mashhur bo'lib, ularning asosiy qismi 50 dan ortiq mamlakatlarga eksport qilinadi.

Tashrif doirasida Peshovar Savdo-sanoat palatasi prezidenti Shakil Ahmad Xon va farmatsevtika, charm, to'qimachilik, tibbiyot asbob-uskunalari, qishloq xo'jaligi va savdo sohalaridagi mahalliy ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar o'tkazildi. Muzokaralar chog'ida O'zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati va tijorat takliflar taqdim etildi, qo'shma korxonalarni tashkil etish va ro'yxatdan o'tkazish tartiblari tushuntirildi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi "Ayritom" erkin iqtisodiy zonasi imkoniyatlariga oid taqdimot o'tkazildi. Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlarida qo'shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo'yicha takliflar bildirildi.

Pokistonlik tadbirkorlar O'zbekistonda investitsiya kiritish uchun keng imkoniyatlar ochilayotganini mamnuniyat bilan qayd etishdi. Shuningdek, ular O'zbekistondagi farmatsevtika korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish, charm xomashyosi, qishloq xo'jaligi mahsulotlari, paxta importi, tibbiy asbob-uskunalar va veterinariya preparatlari ishlab chiqarish bo'yicha loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdorligini bildirishdi.

Muzokaralar yakunida Peshovar Savdo-sanoat palatasi prezidenti boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasining O'zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish