Polshada Yangi O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-logistika salohiyati taqdim etildi

Noyabr 07, 2023. 17:50 • 2 daq

227
Polshada Yangi O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-logistika salohiyati taqdim etildi

VARSHAVA, 7-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan "Polsha-Osiyo" Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda «O'zbekiston va Polsha o'rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-logistika sohalarida hamkorlik imkoniyatlari» mavzusida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda "Polsha-Sharq" hamkorligi uyushmasi, «SCHNEIDER GROUP», "Omida", «ESA Logistics», "Symlog", "Stokota", «Jolante Kramer emole-express», «Border Servis», «Marek Loos», «Transport Manager», "PFC" va boshqa nufuzli kompaniyalar rahbariyati ishtirok etdi.


Mamlakatimiz diplomatik missiyasi xodimlari tomonidan o'tkazilgan taqdimotda O'zbekiston-Polsha hamkorligining holati va istiqbollari, Yangi O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-logistika salohiyati to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.


Polsha sobiq Bosh vazirining o'rinbosari va Palata prezidenti Yanush Pexochinskining qayd etishicha, Polshada O'zbekistondagi jadal o'zgarishlar va rivojlanish jarayonini diqqat bilan kuzatishmoqda.


-Respublikani har tomonlama rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo'yicha kompleks dastur Polsha biznesi bilan hamkorlikni kengaytirish uchun ajoyib imkoniyat, bu ikkala tomon uchun ham foydalidir, - dedi Yanush Pexochinski. - Polsha biznesi uchun yaxshi istiqbolli mamlakat - O'zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilish vaqti keldi. O'zbekistonda biznes yuritish uchun sharoitlar sezilarli darajada yaxshilandi. GSP+ preferensiyalar bosh tizimining taqdim etilishi O'zbekiston ishlab chiqaruvchilarini tashqi savdo faoliyatiga jalb qilish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirishda rag'batlantiruvchi omil bo'lib xizmat qilmoqda.


«Polonia Union» jamg'armasi rahbari Edgard Skarjinski o'z chiqishida, O'zbekiston to'qimachilik mahsulotlarining Polsha va Yevropa Ittifoqiga eksporti hajmi oshgani o'zaro samarali harakatlarning yaqqol misoli ekanligini ta'kidladi.


-Polsha importyorlarini qiziqtiradigan narsalar - bu paxtadan kalava va kiyim-kechak mahsulotlari, mineral o'g'itlar, qishloq xo'jaligi mahsulotlari, ayniqsa, meva va sabzavotlardir, - dedi u. - Bundan tashqari, biz 2024 yil fevral oyida "Varshava-Toshkent-Varshava" yo'nalishida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlari yo'lga qo'yilishi natijasida O'zbekistonda turizm sohasida ulkan imkoniyatlarni ko'ryapmiz. Polsha kompaniyalari esa inson kapitaliga katta qiziqish bildirmoqda va qonuniy migratsiyani taklif qilmoqda.


Tadbir doirasida G2B va B2B formatidagi muzokaralar ham o'tkazildi va qator qo'shma dastur hamda loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish