Logo

Yaponiyaning Oita prefekturasida O'zbekistonning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati taqdim qilindi

Aprel 22, 2025. 09:41 • 2 daq

56
Yaponiyaning Oita prefekturasida O'zbekistonning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati taqdim qilindi

OITA, 22-aprel. /"Dunyo" AA/. Yurtimiz elchixonasi tashabbusi bilan Yaponiyaning Oita prefekturasida O'zbekistonning investitsiyaviy va turizm salohiyatiga doir biznes-forum o'tkazildi, deb xabar qilmoqda Dunyo AA muxbiri.

Iqtisodiy tadbirda Oita prefekturasi kengashi deputatlari, yetakchi ishbilarmon doiralar va sayyohlik kompaniyalari ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Muxsinxo'ja Abdurahmonov biznes-forumning ochilish qismidagi nutqida mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit, ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlar sifatini oshirish, ularning raqobatbardoshligini ta'minlash, tashqi savdo bozorlarini diversifikatsiya qilish va xorijiy sayyohlar oqimini oshirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar haqida so'zlab berdi.

Rasmiy qismdan so'ng, O'zbekistonning investitsiyaviy va savdo salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi. Unda mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, xorijiy investitsiyalarni rag'batlantirish, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Shuningdek, o'zbek-yapon iqtisodiy aloqalariga alohida e'tibor qaratildi. So'nggi yillardagi o'zaro savdo dinamikasi, investitsiyalar hajmi, moliyaviy-texnik yo'nalishlaridagi hamkorlik tobora rivojlanayotgani ta'kidlandi.

O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotda mamlakatimizdagi YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan tarixiy obidalar, ishlab chiqilgan yangi turizm yo'nalishlar va dasturlar, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulay sharoitlar to'g'risidagi muhim ma'lumotlar Yaponiya vakillari e'tiboriga taqdim etildi.

Shuningdek, O'zbekistonda yangi sayyohlik yo'nalishlari va turizm kontentlarini ishlab chiqish, mazkur jabhada amalga oshirilayotgan yangi loyihalar xususan, geotermal turizmni rivojlantirish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar haqida ta'kidlandi.

Yaponiya xalqaro yoshlar palatasi bosh kotibi, "Honda Cars Oita" prezidenti Daysuke Kay mamlakatimizga ikki marotaba bo'lganini va O'zbekistonda kechayotgan yangilanishlarga shaxsan guvoh bo'lganini bildirdi. "So'nggi yillarda Yaponiyaning kichik va o'rta biznes kompaniyalarining O'zbekistonda yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo'lgan qiziqishi ortib bormoqda", dedi u.

O'zbekiston diplomatlari Oita prefekturasining yetakchi ishbilarmon doiralari va sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan alohida muloqot qildilar. Unda ikki tomonlama hamkorlikning yangi va salohiyatli yo'nalishlari ko'rib chiqildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish