Logo

O'zbek xalqining buyuk ajdodlarining dunyo ilm-fani va madaniyatiga qo'shgan hissasi Germaniyada e'tirof etildi

Iyun 15, 2025. 13:42 • 4 daq

139
O'zbek xalqining buyuk ajdodlarining dunyo ilm-fani va madaniyatiga qo'shgan hissasi Germaniyada e'tirof etildi

BERLIN, 15-iyun. /"Dunyo" AA/. Berlin shahrida "Innovatsiya va san'at ustalari: turkiy xalqlarning jahon ilm-fani va madaniyatiga qo'shgan hissasi" mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir TURKSOY tashkiloti tomonidan Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, O'zbekiston, Qirg'iziston va Qozog'istonning Germaniyadagi elchixonalari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda ushbu mamlakat rasmiy doiralari vakillari, turkiy tilli mamlakatlar elchilari, TURKSOY tashkiloti rahbariyati, xalqaro va mahalliy ekspertlar, olimlar va tadqiqotchilar, Berlin shahri jamoatchiligi, diaspora faollari hamda OAV vakillari qatnashdi.

Rasmiy ochilish marosimida TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev hamda tashkilotga a'zo davlatlarning Germaniyadagi diplomatiya vakolatxonalari rahbarlari ishtirokchilarni qutlab, turkiy sivilizatsiyalarning ilm-fan, falsafa va san'at sohalariga qo'shgan ulkan hissasini alohida ta'kidladilar. Jumladan, mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug'bek va ko'plab buyuk allomalarimiz asrlar davomida dunyo ilm beshigini tebratgani, ularning boqiy ilmiy merosi yaqin tarixgacha zamonaviy ilm-fan rivojiga zamin bo'lganini alohida ta'kidladi.

Ilmiy anjuman ilm-fan va san'at sohasi bo'yicha panel sessiyalari va muhokamalar bilan davom etdi. Turkiy olim va mutafakkirlarining astronomiya, tibbiyot, muhandislik kabi tabiiy fanlar, shuningdek adabiyot, falsafa va san'at singari gumanitar sohalarga qo'shgan hissasi yuzasidan ma'ruzalar tinglandi. Panel sessiyalar so'nggida yig'ilganlarni qiziqtirgan mavzular bo'yicha savol-javoblar bo'lib o'tdi.

Konferensiyada ishtirok etgan olimlar buyuk bobokalonimiz Mirzo Ulug'bekning ilmiy merosi va Temuriylar davridagi ilm-fan va madaniyat taraqqiyotini dunyo ilm-fan hamda madaniyatiga qo'shgan hissasi haqida ma'ruza qildilar.

Xususan, Berlin Arxenxold observatoriyasining ilmiy xodimi Feliks Lyuning buyuk falakiyot ilmi sultoni, matematik olim va shoh, Temuriylar sulolasi davrida ilm-fan va madaniyat rivojiga beqiyos hissa qo'shgan ma'rifatparvar davlat arbobi Mirzo Ulug'bekning dunyo falakiyot faniga qo'shgan ulkan hissasi va uning bugungi kundagi ahamiyati haqida taqdimot qildi.

San'at ustalari panelida mamlakatimiz vakili Nilufar To'xboyeva Amir Temur va Temuriylar davrida yaratilgan me'morchilik san'atining dunyo moddiy madaniy merosidagi ahamiyati haqida ma'ruza qildi. Olima ularni qayta tiklash va asrab qolish bo'yicha olib borayotgan ilmiy loyihalari bilan yig'ilganlarni tanishtirdi.

Shuningdek, TURKSOY Milliy cholg'u asboblari orkestri tomonidan gala konsert taqdim etildi. Turli turkiy xalqlarning an'anaviy kuy-qo'shiq va raqslari turkiy olamning nafaqat ilm-fan, balki turfa madaniyat va san'atini yuqori darajada ijro etdilar.

Anjuman doirasida, TURKSOY tashabbusi bilan Turkiy davlatlar rassomlarining ko'rgazmalari tashkil etildi. Xususan, "Ipak yo'li" an'anaviy hunarmandchilik namunalari, "Turkiy san'atda ayollar" va "Turkiy ruh ifodasi" – turkiy tilli davlatlar yosh rassomlarining ijodiy ishlari ko'rgazmalari turkiy dunyoning boy madaniy merosini keng jamoatchilikka namoyish etdi.

Feliks Lyuning, Berlin Arxenxold observatoriyasi ilmiy xodimi:

– Turkiy davlatlar madaniyatini Germaniya keng jamoatchiligiga yaqindan tanishtirish juda ajoyib g'oya bo'ldi. Bu tadbir xalqlar o'rtasidagi o'zaro tushunish va do'stlikni mustahkamlashga hissa qo'shadi. Anjuman menda katta taassurot qoldirdi, turkiy xalqlarning dunyo ilm-fan va madaniyatiga hissa qo'shgan allomalari haqida juda ko'p menga notanish ma'lumotlarni oldim.

Men buyuk alloma o'z davrining eng yetuk dahosi, astronom Mirzo Ulug'bek merosi haqida ma'ruza qildim. Ulug'bekning astronomik o'lchovlaridagi aniqlik dunyo ilm-fani uchun juda katta ahamiyatga ega. Afsus, Mirzo Ulug'bekning bu ilmiy merosi Yevropaga to'liq yetib kelmagan. Ulug'bekning ilmiy kashfiyoti nafaqat o'sha davr, balki hozirgi zamon ilm-fani uchun ham beqiyosdir.

Nilufar To'xboyeva, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti o'qituvchisi:

– Mazkur anjumanda Amir Temur va Temuriylar davri me'morchiligi va ularning rivojlanish bosqichlari haqida o'z ma'ruzam bilan ishtirok etdim. Amir Temur davri san'ati, madaniyati, me'morchiligi durdonalarini Germaniya jamoatchiligiga tanishtirish bilan birgalikda bizgacha yetib kelmagan tarixiy obidalarni virtual tiklash bo'yicha loyihalarimni taqdim etdim. Shahrisabzda joylashgan Oqsaroyning dastlabki ko'rinishi loyihasi va Amir Temur maqbarasining rivojlanish bosqichlari bilan tanishtirdim. Bu orqali Amir Temur kabi buyuk bobolarimizning qudrati, salohiyati va qoldirgan ilmiy merosini dunyoga tanitishga harakat qildim. Ayni paytda, tarixiy obidalarni ilmiy o'rganish sohasida germaniyalik olimlar bilan izlanishlar olib boryapmiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish