Logo

Vengriya Milliy kutubxonasi fondida saqlanayotgan O'zbekiston va turkiy xalqlar tarixiga oid qo'lyozmalarning nusxalari Toshkentda namoyish etiladi

Iyun 28, 2025. 12:10 • 2 daq

842
Vengriya Milliy kutubxonasi fondida saqlanayotgan O'zbekiston va turkiy xalqlar tarixiga oid qo'lyozmalarning nusxalari Toshkentda namoyish etiladi

BUDAPESHT, 28-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Oybek Shahavdinov Ferens Sechen nomidagi Vengriya Milliy kutubxonasi direktori David Roja bilan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida O'zbekiston tarixi, madaniyati va ilmiy merosiga oid qo'lyozmalarni o'rganish, asrab-avaylash va ommalashtirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar qo'shma ko'rgazmalar tashkil etish, O'zbekiston va turkiy dunyoga oid nodir arxiv va qo'lyozma materiallarning raqamli nusxalarini almashish, qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, jumladan, noyob manbalar faksimiliyasini yaratish istiqbollariga alohida e'tibor qaratdilar. Shuningdek, kataloglar tayyorlash, qo'shma nashrlar va ilmiy tadbirlar, jumladan, xalqaro anjumanlar, davra suhbatlari va taqdimotlar o'tkazish masalalari ko'rib chiqildi.

Vengriya tomoni 2025-yil avgustidan 2026-yilning fevraligacha O'zbekistonda bo'lib o'tishi rejalashtirilgan "O'zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi" xalqaro ko'rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi. Bundan tashqari, ko'rgazmada Vengriya Milliy kutubxonasi fondlarida saqlanayotgan O'zbekiston va turkiy xalqlarga oid qo'lyozmalar nusxalarini taqdim etilishi ma'lum qilindi.

"O'zbekiston Milliy kutubxonasi, O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va mamlakatingizning boshqa ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish biz uchun foydali.

O'zbekiston va turkiy dunyo xalqlarining ilm-fan, madaniyat va falsafa rivojiga qo'shgan hissasini aks ettiruvchi qo'lyozmalarning faksimil nusxalarini yaratish bo'yicha birgalikdagi ishlar o'zaro hamkorlikning muhim yo'nalishlaridan bo'ladi", – dedi kutubxona direktori David Roja.

Muzokaralar yakunida Vengriya Milliy kutubxonasi negizida qo'lyozma merosini tiklash, saqlash va raqamlashtirish bo'yicha O'zbekiston mutaxassislari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish