Akramjon Ne’matov: Yangidan shakllanayotgan ko‘p markazli dunyoda Markaziy Osiyo o‘zaro hamkorlikning mustaqil markaziga aylanmoqda
Oktabr 05, 2026. 10:00 • 3 daq
• 255MOSKVA, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. 28-sentabr – 1-oktabr kunlari Moskva viloyatining Istra shahrida “Valday” xalqaro munozara klubining “Kelajak oldidagi mas’uliyat: Imkoniyat chegaralarimi yoki cheksiz imkoniyatlarmi?” mavzusidagi XXIII yillik majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ham ishtirok etdi.
Forum 40 davlatdan 120 nafar ishtirokchini bir joyga to‘pladi. Unda rossiyalik ekspertlar bilan bir qatorda Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, BAA, shuningdek, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibida hozirgi dunyo taraqqiyotining keng doiradagi masalalari qamrab olindi. Rasmiy ochilish marosimida klubning “Vahimaga o‘rin yo‘q: davlat va kelajak oldidagi mas’uliyat” nomli yillik ma’ruzasi taqdim etildi.
Yig‘ilish doirasida ishtirokchilar Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda Rossiya Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin bilan uchrashdi. Forum Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ishtirokidagi alohida yalpi majlis bilan yakuniga yetdi.
Muhokamalarning asosiy mavzularidan biri o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lgan qator jarayonlar ta’sirida dunyo tizimida yuz berayotgan chuqur transformatsiya bo‘ldi. Bir tomondan, jadal texnologik taraqqiyot, raqamlashtirish va sun’iy intellekt iqtisodiyot, mehnat bozori, xavfsizlik tizimi va hatto jamiyatlarning tuzilmalarini o‘zgartirmoqda.
Boshqa tomondan esa, iqlim o‘zgarishlari, demografik silkinishlar, migratsiya va pandemiya bilan bog‘liq xavf-xatarlar milliy chegaralardan ancha tashqariga chiqadigan yangi uzoq muddatli tahdidlarni yuzaga keltirmoqda.
Bunday sharoitda yanada murakkab ko‘p markazli va ko‘p qutbli dunyoning shakllanishi keskin jadallashmoqda. Iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotning yangi markazlari paydo bo‘lmoqda, Osiyo, Afrika va boshqa mintaqalarning roli ortib bormoqda.
Yirik davlatlar bilan bir qatorda, o‘zining xos kun tartibini shakllantira oladigan va keng ko‘lamli tashqi aloqalar tarmog‘ini yo‘lga qo‘yishga qodir bo‘lgan barqaror va o‘zaro uzviy mintaqaviy makonlarning ahamiyati tobora yuksalmoqda. Bu jarayonlar raqobat va mavhumlik kuchayayotgan sharoitda kechayotgan bo‘lsa-da, ayni paytda muayyan davlatlar va mintaqalar uchun yangi imkoniyatlarga ham yo‘l ochib bermoqda.
Ko‘plab inqirozlar va yangi imkoniyatlar g‘ayrioddiy kombinatsiyaga kirishgan bunday sharoitda davlatlarning mas’uliyati, suverenitet va milliy manfaatlarni hurmat qilish, ishonchni mustahkamlash hamda o‘zaro maqbul yechimlarni topish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, murakkablashib borayotgan dunyo bilan bog‘liq savollarga izolyatsiya va nazorat qilib bo‘lmaydigan raqobat emas, balki muloqot, hamkorlik va mavjud ziddiyatlar sharoitida kelisha olish qobiliyati javob bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
Shundan kelib chiqqan holda, xalqaro institutlarni o‘zgarib borayotgan kuchlar nisbati va dunyodagi xilma-xillikning ortib borishiga moslashtirish, ularning vakillik darajasi va vakolat maqomini oshirish, taraqqiyotning yangi markazlari manfaatlarini imkon qadar to‘liq hisobga olish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, texnologik, iqlimiy, demografik va boshqa transchegaraviy tahdidlar shuni ko‘rsatmoqdaki, muttasil taraqqiyot va global barqarorlik hatto raqobat kuchayib borayotgan sharoitda ham qo‘shma qarorlarni taqozo etadi.
“Sharqda qanday quyosh chiqadi? Markazi Osiyoni ifoda etadigan dunyo manzarasi” mavzusidagi sessiya alohida e’tiborga molik bo‘ldi. Muhokamalar chog‘ida iqtisodiy faollik kengayib borayotgan Osiyo makoni tomon siljishda davom etayotgani qayd etildi. Tinch va Hind okeanlari makoni jahon iqtisodiy taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri deb baholandi hamda kelasi o‘n yilliklarda xalqaro rivojlanishning sur’atini belgilaydigan muhim jarayonlarning asosiy maydonlaridan biri bo‘lishi e’tirof etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

