O'zbekiston va Eron kino ustalari tomonidan buyuk ajdodlarimiz haqida filmlar suratga olish imkoniyatlari muhokama qilindi
Oktabr 02, 2023. 13:51 • 2 daq
• 144
TEHRON, 3-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida Eron madaniyat vazirining o'rinbosari, Kino tashkiloti rahbari Muhammad Xazaiy boshchiligidagi ushbu davlat delegatsiyaning «Ipak yo'li durdonasi» XV Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtiroki tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri

Eron delegatsiyasini O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov qabul qildi. Uchrashuvda ikki mamlakat o'rtasida madaniyat va kino sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O'zbekiston va Eron o'rtasidagi tarixiy aloqalarni inobatga olib, Alisher Navoiy va Sharofiddin Ali Yazdiy kabi buyuk ajdodlarimiz haqida hamkorlikda filmlarni suratga olish masalalari xususida fikr almashildi.
Muhammad Xazaiy O'zbekiston Markaziy Osiyoning siyosiy va madaniy sohada eng ilg'or mamlakati ekanini ta'kidlab, o'zining tarixiy, madaniy va diniy ildizlari bilan xalqaro hamjamiyatda muhim o'rin tutishini alohida ta'kidladi. «Madaniy mushtaraklik ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashning fundamental asosidir. Ikki mamlakat sivilizatsiyalari bir-biriga bog'langan. O'zbekistonliklar uchun Mashhad, Sabzevar, Isfahon, Tehron, Tabriz, Sheroz, Nishopur, Kirmon shaharlari mashhur bo'lsa, Eron xalqi uchun Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Farg'ona va Toshkent shaharlari juda aziz», dedi Eron madaniyat vazirining o'rinbosari.
Muhammad Xazaiy, shuningdek, O'zbekiston va Eronda o'zaro kino haftaliklarini o'tkazish taklifini bildirdi.
Uchrashuv yakunida O'zbekiston Kinematografiya agentligi va Eron Kino tashkiloti o'rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjat O'zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va Eron Kino tashkiloti rahbari Muhammad Xazaiy tomonidan imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
“Anna German qo‘shiqlari” festivalida yurtdoshlarimiz sovrindor bo‘ldi
Taniqli o‘zbek pianinochisi Germaniyada navbatdagi konsert dasturini namoyish etdi