Logo

O'zbekiston kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan "Imom Abu Iso Muhammad Termiziy" filmi Buxarestda namoyish etildi

Iyul 29, 2025. 12:10 • 3 daq

79
O'zbekiston kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan "Imom Abu Iso Muhammad Termiziy" filmi Buxarestda namoyish etildi

BUXAREST, 29-iyul. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 26-27-iyul kunlari Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida "Turkiy xalqlar filmlari" kechasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Anjuman YUNESKOning Ruminiyadagi vakolatxonasi ko'magida "Xilma-xillikda birlashamiz! Diskriminatsiyaga yo'l qo'ymaymiz!" loyihasi doirasida tashkil etilgan.

Tadbir ochiq osmon ostidagi "Creart" maydonida bo'lib o'tdi va turkiy xalqlarning madaniy xilma-xilligi va nomoddiy merosini targ'ib qilishga bag'ishlandi.

Kecha Ruminiya tatarlari demokratik ittifoqi, Buxarest shahar meriyasi huzuridagi Ijod va san'at markazi, O'zbekiston elchixonasi (qarorgohi Varshava shahrida joylashgan) tomonidan tashkil etildi.

Madaniy kechaning ochilish marosimida so'zga chiqqanlar, turkiy xalqlar o'rtasidagi madaniy muloqot muhimligini ta'kidlab, faol ishtiroki uchun O'zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirishdi.

Dasturning asosiy qismida islom olamining buyuk allomasi Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziy haqida hikoya qiluvchi "Imom Abu Iso Muhammad Termiziy" nomli filmning premyerasi bo'lib o'tdi. Rumin va ingliz tillarida subtitr bilan namoyish etilgan ushbu film tomoshabinlarda katta qiziqish uyg'otdi.

O'zbekiston milliy liboslari va amaliy san'atining an'anaviy elementlari, jumladan, chopon, do'ppi va boshqa mahsulotlar, shuningdek, mamlakatimizning turizm imkoniyatlari haqidagi axborot materiallari taqdim etilgan stend mamlakatimiz tomoni ishtirokining muhim qismi bo'ldi.

Tadbir mintaqa davlatlari o'rtasidagi madaniy muloqotni chuqurlashtirish, gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, O'zbekistonning tarixiy-madaniy merosini targ'ib etishda muvaffaqiyatli maydonga aylandi.

 Naim Belgin, Ruminiya tatarlari demokratik ittifoqi raisi:

 – Bugun biz Buxarest shahrida buyuk mutafakkir olim Imom at-Termiziy haqidagi hujjatli filmni namoyish etdik. Mazkur filmni taqdim etgan o'zbek tomoniga minnatdorlik bildiramiz. Film tomoshabinlar e'tiborini qozonib, O'zbekiston haqidagi qiziqishini yanada oshirdi. Tomoshabinlar Imom Termiziyning boy ilmiy merosi, uning insoniyat ma'naviyati rivojiga qo'shgan beqiyos hissasi hamda mamlakatingizdagi tarixiy-ma'naviy muhit haqida batafsil ma'lumot oldilar.

Namoyish yakunida tomoshabinlar filmda ko'tarilgan mavzular haqida o'z fikrlarini bildirib, kelgusida shunday ma'rifiy loyihalar soni yanada ko'payishi tarafdori ekanliklarini ta'kidladilar.

Shuningdek, mazkur tadbir ikki xalq o'rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga va O'zbekistonning boy madaniy merosini keng targ'ib etishga xizmat qildi.

Klaudia Balint, "Turkiy xalqlar filmlari" loyihasi direktori:

– Biz turkiy xalqlar haqida filmlar namoyish qiladigan kechalarni bir necha marotaba tashkil qilganmiz. Bugun Buxarestda Imom at‑Termiziy haqidagi hujjatli filmni namoyish etdik. Mazkur filmni tomoshabinlar katta qiziqish bilan ko'rdi. Ushbu kinokartina nafaqat buyuk alloma haqida, balki O'zbekistonning madaniy va tarixiy merosi to'g'risida hamdir.

 Edis Kutlakay, "Turkiy xalqlar filmlari" loyihasi hammuallifi:

– Buxarestda namoyish etilgan Imom at‑Termiziy haqidagi film menda juda katta taassurot qoldirdi. O'zbekiston, uning tarixi va madaniyati hamda Imom at‑Termiziyning hayoti va ilmiy merosi haqida ilgari bilmagan muhim ma'lumotlarni bilib oldim.

Film namoyishidan keyin bo'lib o'tgan munozaralarda turli fikrlar aytildi. Men bunday filmlar ko'plab suratga olinishni istardim. Ma'naviyat va ma'rifatga undovchi filmlar odamlarni yaqinlashtiradi, biri‑birimizni yaxshiroq bilishga xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish