O'zbekiston va Tailand san'at sohasida kadrlar tayyorlash va madaniy loyihalarni amalga oshirish bo'yicha hamkorlik qiladi
Fevral 12, 2025. 11:27 • 3 daq
• 68
BANGKOK, 12-fevral. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi ko'magida Madaniyat vazirligi huzuridagi O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti delegatsiyasining Tailandga safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti va Tailandning Chulalongkorn universiteti Tasviriy va amaliy san'at fakulteti rahbariyati o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuv yakunida "Akademik va tadqiqot faoliyati to'g'risida hamkorlik kelishuvi" va "Talabalar almashinuvi to'g'risida hamkorlik kelishuvi" imzolandi.
Hujjatlar o'quv va ilmiy faoliyatda talabalar almashinuvi va hamkorlikni yo'lga qo'yish va rag'batlantirish, madaniyat sohasida ta'lim imkoniyatlari va o'zaro tushunishni kengaytirishga qaratilgan.
Tashrif davomida, O'zbekiston vakillari ishtirokida Chulalongkorn universitetida konsert dasturi tashkil etildi.
Unda Tailand Tashqi ishlar vazirligi, Bangkokda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus, akademik, ilmiy va ishbilarmon doira vakillari, talabalar hamda vatandoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilariga mamlakatimiz madaniy boyligi, iqtisodiy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan videorolik namoyish etildi.
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining "Sayqal" jamoasi tomonidan ijro etilgan o'zbek milliy qo'shiqlari va raqslar hamda Tailand milliy san'ati namunalari yig'ilganlar katta taassurot qoldirdi.
Kumkom Pornprasit, Chulalongkorn universiteti Tasviriy va amaliy san'at fakulteti dekani:
– Chulalongkorn universitetining Tasviriy va amaliy san'at fakulteti va O'zbekiston san'at va madaniyat instituti o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanganidan xursandmiz.
Fakultetimiz tasviriy san'at, haykaltaroshlik, ijodkorlik, musiqa, Tailand raqsi va baletini o'z ichiga olgan san'atning turli sohalarida ta'lim beradi.
Bugun, shuningdek, ikki ta'lim muassasalari vakillarining birgalikdagi ijodiy chiqishlariga guvoh bo'ldik. Biz ijodiy hamkorlikni yanada kengayishiga umid bildiramiz. Tailand aholisi o'zbek madaniyati va san'atiga juda qiziqadi. Talabalarimiz ham bugungi dasturda yuqori ishtiyoq bilan qatnashdi.
Biz kelgusida qo'shma madaniy loyihalarni amalga oshirish, professor-o'qituvchilar va talabalar almashinuvini yo'lga qo'yish bo'yicha kelishib oldik.
Tanyaluk Prommani, Qirolicha Sirikit Ipakchilik departamenti vakili, Tailand ipagi elchisi:
– O'zbekiston madaniyati durdonalarini Tailandda namoyish etganingiz uchun o'z tashakkurimni bildiraman. Men o'zbek madaniyatining ko'plab yo'nalishlari hamda to'qimachilik va kulolchilik buyumlari bilan tanishdim, ular sizning merosingiz nechog'li boy ekanligidan dalolat bermoqda.
Imtiaz Mukbil, "Travel Imact Newswire" jurnali ijrochi direktori:
– O'zbekiston Madaniyat vazirligi hamda San'at va madaniyat institutini ushbu ajoyib sozandalar va raqqosalar delegatsiyasini Bangkok shahriga tashrifini muvaffaqiyatli tashkil etgani bilan tabriklayman. Bugungi tadbirda ishtirok etgan har bir ijrochi bizda ajoyib taassurot qoldirdi.
Yurtingizdan kelgan ajoyib san'atkorlar o'zbek milliy musiqasi va madaniyatingizning jonli hamda jozibasinito'liq namoyish etdi. Ishtirokchilar ham O'zbekiston madaniyati, turizmi, san'ati, musiqasi va raqsini yuksak baholashdi.
Mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalar yanada rivojlanish uchun barcha imkoniyatlar bor. Shuningdek, ko'plab tailandliklar O'zbekistonga sayohat qilishni istaydi.
Mazkur tadbir esa xalqlarimizni yaqinlashtirish, san'at, musiqa va madaniyat tili orqali tay va o'zbek madaniyatini uyg'unlashtirish imkonini berdi.
Doktor Pxansak Bunyasopxonpxon, Surxondaryo viloyatining Tailanddagi ziyorat turizmi elchisi:
– Tadbir Tailand va O'zbekiston o'rtasida, ayniqsa, musiqiy sohada madaniy almashinuvlarni yo'lga qo'yish uchun ajoyib imkoniyat taqdim etdi. O'zbek milliy kuy va qo'shiqlari tailandliklar tomonidan munosib qadrlanadi.
Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo o'rtasidagi madaniy almashinuv menda juda katta taassurot qoldirdi. Sokin va mayin musiqa o'zgacha muhitni taqdim etdi. Ushbu tadbir Tailand va O'zbekiston o'rtasidagi madaniy almashinuv, ayniqsa, san'at sohasida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganidan dalolatdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi