Hindistonda O'zbekiston madaniyat kunlari katta muvaffaqiyat bilan o'tdi
Oktabr 21, 2025. 14:43 • 2 daq
• 38
DEHLI, 22-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Hindistonda O'zbekiston madaniyat kunlari katta muvaffaqiyat bilan o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Madaniyat kunlari ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi ko'p asrlik do'stona munosabatlar va madaniy yaqinlikning yorqin dalili bo'ldi.
O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi madaniy hamkorlik ildizlari uzoq tarixga borib taqaladi. Bu esa ikkala xalqning madaniy qadriyatlari, an'analari va, xususan, musiqa, qo'shiq va raqslarni qabul qilishdagi yaqinligini belgilab bergan.
Madaniyat kunlarining o'tkazilishi O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi strategik sheriklikni yana-da rivojlantirishda muhim qadam bo'ldi. Madaniy almashinuv xalq diplomatiyasining kuchli vositasini hamda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashdagi muhim ahamiyatini namoyish etdi.
Madaniyat kunlarining asosiy tadbirlari O'zbekiston Davlat filarmoniyasi Navoiy bo'limining ijodiy jamoasi ishtirokida tashkil etildi.
Madaniyat kunlari doirasida o'zbekistonlik artistlar Uttarakhand shtatining ma'muriy markazi – Dehradun shahridagi "Virasat" (Meros) xalqaro madaniyat, san'at va milliy qadriyatlar festivalida ishtirok etdi.
"Virasat" festivali – Hindistonning boy san'ati, madaniyati va merosiga bag'ishlangan yillik madaniy tadbirdir. Tadbir hunarmandchilik, musiqa, raqs va milliy oshxona namunalarini namoyish etadi, qishloq san'ati turlarini qayta tiklash va madaniy xabardorlikni oshirishda muhim rol o'ynaydi.
Xalqaro festival sahnasida o'zbek milliy musiqasi, qo'shiqlari va raqslari taqdim etildi.
Shundan so'ng O'zbekiston madaniyat kunlari voqealari Dehliga ko'chdi. Hindiston poytaxtida o'zbek madaniyati, musiqasi va raqslarining tantanali kechasi bo'lib o'tdi.
Tadbirning 400 dan ortiq ishtirokchilari O'zbekistonning iqtisodiy va turistik salohiyati, milliy qadriyatlari bilan yaqindan tanishdi. Ularda amaliy san'at namunalari hamda palov, somsa, chak-chak va boshqa milliy taomlar ham katta qiziqish uyg'otdi.
Madaniyat kunlarining yakunida Agra shahridagi dunyoga mashhur Toj-Mahal majmuasi yonida o'zbek raqslarining rang-barang fleshmobi tashkil etildi.
O'zbekiston madaniyat kunlari tadbirlari Hindiston jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
O'zbekistonlik san'atkorlarning Dehradun va Dehlidagi chiqishlari, shuningdek, Toj-Mahal yonidagi fleshmobi Hindiston ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarida keng yoritildi, hind xalqining mamlakatimizning boy madaniy merosiga bo'lgan yuqori qiziqishini ifoda etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi