Logo

7-9 noyabr kunlari Toshkentda va 12-noyabr kuni Termizda X Yevropa kinofestivali bo'lib o'tadi

Noyabr 04, 2025. 11:54 • 3 daq

191
7-9 noyabr kunlari Toshkentda va 12-noyabr kuni Termizda X Yevropa kinofestivali bo'lib o'tadi

TOSHKENT, 4-noyabr. /"Dunyo" AA/. 7-9-noyabr kunlari Toshkentda va 12-noyabr kuni Termizda Yevropa va O'zbekistonni kino san'ati tili orqali birlashtiruvchi X Yevropa kinofestivali o'tkaziladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur festival bu yil Yevropa va O'zbekiston o'rtasidagi madaniy muloqotning 10 yilligini nishonlaydi.

Dasturga 12 ta Yevropa davlatlaridan lirik dramalardan tortib, o'zlikni anglash haqidagi ilhomlantiruvchi hayotiy tanlov va insoniy tuyg'ular haqidagi hikoyalarni o'z ichiga olgan 12 ta film kiritilgan. Shuningdek, ispan raqs san'ati ixlosmandlari uchun "Aire Nuevo Danza" (Ispaniya) guruhi tomonidan klassik va zamonaviy raqslardan iborat chiqishlar taqdim etiladi. Bundan tashqari, Fransiya Alyansi tomonidan Gyote instituti va O'zbekiston Kino ixlosmandlari uyushmasi hamkorligida "Avlodlar" mavzusida havaskor qisqa metrajli filmlar namoyishlari o'tkaziladi.

Festival Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan, O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar elchixonalari bilan hamkorlikda, O'zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi ko'magida tashkil qilinadi.

Barcha namoyishlar bepul. Filmlar original tilda, o'zbek yoki rus tilidagi subtitrlar bilan taqdim etiladi.

Toshkentdagi namoyishlar dasturi 

7-noyabr

Milliy kino san'ati saroyi (Navoiy ko'chasi, 15)

11:00 — " Jonja" / "Yonya " (Germaniya)

O'smirlik, do'stlik va o'zini topish haqida samimiy hikoya. Ilk tuyg'ular va murakkab qarorlar haqida.

14:00 — "Amadeo" / "Amadeo" (Portugaliya)

O'z zamonasidan ilgarilab ketgan, shuning uchun yuqori tovon to'lagan rassom Amadeu de Souza-Sardoso haqidagi portret film.

18:00 — "Roza of Smyrna" / "Smirnalik Roza" (Gretsiya)

Sevgi va sirga to'la film — qadimiy sandiq ichida saqlangan xotira va o'tmish haqida hikoya.

8-noyabr

11:00 — "Four Souls of Coyote" / "Chiyabo'rining To'rt Ruhi" (Vengriya)

Indeys afsonalariga asoslangan falsafiy animatsiya — qadimiy miflar zamonaviylik bilan qorishib, inson va tabiat o'rtasidagi bog'liqlikni eslatadi.

14:00 — "Chasing Unicorns" / "Orzular izidan" (Estoniya)

Startaplar olamida o'z o'rnini topishga intilayotgan ayol tadbirkor haqida yengil va kinoyali drama.

18:00 —"Divertimento" (Fransiya)

Parij chekkasida yashovchi ikki opa-singil dirijyor bo'lishni orzu qiladi — film musiqa, qat'iyat va orzular kuchi haqida.

9-noyabr

11:00 — "My Last Year as a Loser" / "So'nggi yil" (Sloveniya)

Ulg'ayish va o'zini anglash haqidagi komediya: 30 yoshli qahramon hayotda o'zini boshqalar bilan solishtirishni to'xtatib, shunchaki yashashni o'rganadi.

14:00 — "And the King Said, What a Fantastic Machine" / "Shoh va

ajoyib mashina" (Shvetsiya)

Kamera va medianing dunyoni qanday qabul qilishimizga ta'siri haqidagi hujjatli film — ilk kashfiyotlardan tortib, smartfonlar davrigacha.

18:00 — "Carmen" / "Karmen" (Malta)

50 yoshdan keyin yangi hayot boshlagan ayol haqida hikoya — yumor, erkinlik va o'ziga ishonch haqida.

Termizdagi namoyishlar dasturi

Termiz kinoteatri

12-noyabr

11:00 — "Dekadentas № 2419" / "Dekadent №2419" (Litva)

Insoniyat his-tuyg'ularini yo'qotgan kelajak haqida hujjatli film. San'at insoniylikning so'nggi oroliga aylanadi.

14:00 — "Gipsy Queen" / "Ringdagi Qirolicha" (Avstriya)

Yolg'iz ona va sobiq bokschi haqida drama — u ringga qaytib, kuch faqat zarbada emas, balki o'ziga ishonchda ekanini isbotlaydi.

18:00 — "Divertimento" (Fransiya)

Dirijyor bo'lishni orzu qiluvchi ikki opa-singil haqida film — musiqa, qat'iyat va orzuga sadoqat haqida ilhomlantiruvchi hikoya.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish