Logo

AQShning Nyu-York shahrida "O'zbekiston merosi kuni" o'tkazildi

Oktabr 30, 2025. 16:35 • 2 daq

165
AQShning Nyu-York shahrida "O'zbekiston merosi kuni" o'tkazildi

NYU-YORK, 30-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning AQShdagi elchixonasi tashabbusi ilk marotaba Nyu-York meri rezidensiyasida "O'zbekiston merosi kuni" tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri

Tadbirda AQSh rasmiy doiralari vakillari, diplomatik korpus, ilmiy va madaniy jamoatchilik, Nyu-York va unga yaqin hududlarda yashayotgan vatandoshlar, shuningdek, o'zbek madaniyati va san'ati ixlosmandlari qatnashdi.

Tadbirning asosiy maqsadi O'zbekistonning boy milliy va madaniy merosini xalqaro jamoatchilikka keng targ'ib etish, mamlakatimizdagi turizm va madaniy diplomatiya salohiyatini namoyish etish, shuningdek, xorijdagi vatandoshlar, ayniqsa yosh avlodni milliy qadriyatlar, tarixiy meros va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat bo'ldi.

Anjumanni Nyu-York shahar meri Erik Adams qutlov nutqi bilan ochib berdi. "O'zbek xalqi madaniyati va an'analari chuqur tarixiy ildizlarga ega. AQShdagi o'zbek diasporasi boshqa jamoalardan o'zaro hamjihatlik, mehnatsevarlik va milliy qadriyatlarga sadoqati bilan ajralib turda. Nyu-York shahrida bunday madaniy aloqalarning rivojlanishi ko'p millatli jamiyatda o'zaro tushunish va do'stlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi", – dedi mer Erik Adams.

Kecha doirasida o'zbek milliy merosi, madaniyati va turmush tarzini yorituvchi keng ko'lamli ekspozitsiyalar tashkil etildi. Unda mamlakatimizning turli hududlariga xos amaliy va badiiy hunarmandchilik namunalari – zardo'zlik, adras va atlas to'qimalari, kulolchilik va misgarlik buyumlari namoyish etildi.

Shuningdek, mehmonlar uchun milliy taomlar – o'zbek palovi, somsa, non va shirinliklardan iborat gastronomik ko'rgazma ham tashkil etildi. Ishtirokchilar o'zbek milliy oshxonasini yuqori baholadilar.

Tadbirning madaniy qismi o'zbek milliy kuy-qo'shiqlari va raqslari ijro etildi.

"O'zbekiston merosi kuni" nafaqat madaniy tadbir, balki xalqlar o'rtasidagi do'stlik va madaniy muloqotni chuqurlashtiruvchi diplomatik maydon sifatida ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish