Logo

Berlin sahnasida o'zbek xalq ijod namunalari mahorat bilan ijro etildi

Noyabr 05, 2025. 11:24 • 2 daq

194
Berlin sahnasida o'zbek xalq ijod namunalari mahorat bilan ijro etildi

BERLIN, 5-noyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyada O'zbekiston davlat filarmoniyasining "So'g'diyona" milliy cholg'ular kamer orkestri ishtirokida gala-konsert tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Berlin filarmoniyasida o'tkazilgan mazkur gala-konsert "Into the Open" musiqa festivali jamiyati tomonidan O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi va "Grünau Stiftung" fondi ko'magida tashkil etildi.

Unda Germaniyadagi turli vazirlik va idora xodimlari, mamlakatda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus vakillari, mahalliy aholi va yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.

Musiqiy konsertda "So'g'diyona" milliy cholg'ular kamer orkestri tomonidan Yevropa va milliy mumtoz kuy-qo'shiqlar namoyish etildi. Feruza Abdurahimova va Qahramon Bozorov dirijyorligidagi o'zbek xalq musiqalari, qadimiy turkman, turk, ozarbayjon kuylari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, "Sadri gusfand", Buxoro mavrigi, Xorazm lazgisi, qirg'iz dostoni "Manas" kabi xalq ijodi namunalari, "Navbahor" raqs ansambli raqqosalari ijrosidagi o'zbek milliy raqslari mahorat bilan ijro etildi.

Shuningdek, buyuk nemis bastakorlari – Lyudvig van Betxoven, Iogann Sebastyan Bax va Volfgang Amadey Motsartning musiqiy asarlari o'zbek milliy cholg'usida ijro etilishi mehmonlarga o'zgacha kayfiyat bag'ishladi.

"Konsert juda ajoyib o'tdi. O'zbekistonlik san'atkorlarning har bir chiqishi katta qiziqish va his-hayajon bilan kutib olindi. Qisqacha qilib aytganda, musiqiy tadbir germaniyalik musiqa shinavandalari qalbini zabt etdi", – deydi "Into the Open" jamiyati vakili, gala-konsert tashkilotchisi Tatyana Reksrot.

Daniel Wetzel "Into the Open" surati

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish