O'zbekistonlik yosh kinorejissyorning "Yakshanba" filmi Fransiyada o'tkazilgan festivalda ikkita xalqaro mukofot bilan taqdirlandi

Fevral 15, 2024. 14:33 • 3 daq

• 294
O'zbekistonlik yosh kinorejissyorning "Yakshanba" filmi Fransiyada o'tkazilgan festivalda ikkita xalqaro mukofot bilan taqdirlandi

PARIJ, 15-fevral. /"Dunyo" AA/. Fransiyaning Vezul shahrida joriy yilning 6-13-fevral kunlari Xalqaro Osiyo filmlari festivali bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" muxbiri.

Festivalda Yaqin va O'rta Sharq, Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan 100 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlar taqdim etildi. Ularni Fransiyaning turli mintaqalaridan 30 mingdan ortiq tomoshabin ko'rdi.

Hindiston, Eron, Qozog'iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Tailand, O'zbekiston va Shri-Lanka kino ustalari tomonidan suratga olingan 9 ta film asosiy tanlov doirasida namoyish etildi.

Jumladan, Vezul kinofestivalida yosh o'zbek kinorejissyori Shokir Xoliqov tomonidan suratga olingan "Yakshanba" ("Sunday") filmining premyerasi bo'lib o'tdi. Kinokartina tomoshabinlarda katta qiziqish uyg'otdi va taniqli eronlik kinorejissyor va ssenariy muallifi Mohsen Maxmalbaf raisligidagi xalqaro hakamlar hay'ati tomonidan munosib baholandi. Yakunda "Yakshanba" filmi ikkita sovrin – «Tomoshabin mehrini qozongan film» nominatsiya bo'yicha hamda kinotanqidchilar mukofotini qo'lga kiritdi.

Kinofestival tashkiliy qo'mitasining press-relizida yozilishicha, kinotanqidchilar xalqaro hay'atiga filmda ishlatilgan grafik kompozitsiyasi va detallar alohida ta'sir qilgan va ular "Yakshanba" filmini taqdirlashga qaror qilgan. Dramada chekka qishloqda tinch-totuv hayot kechirayotgan chol-kampir hayoti yuksak mahorat bilan kinotasmalariga muhrlangan.

«Xalqaro Osiyo filmlari festivali» direktori Jan-Mark Teroan:

– Bu yil Vezul shahrida o'tkazilgan «Xalqaro Osiyo filmlari festivali» o'zining 30 yilligini nishonlamoqda. Ishonch bilan aytishim mumkinki, o'tgan davr mobaynida festival Fransiya va butun Yevropa qit'asida Osiyo kinosining nufuzli ko'rgazmasiga aylandi.

O'zbekistonlik hamkasblar, kinoijodkorlar bilan, shuningdek, mamlakatingizning Fransiyadagi elchixonasi bilan mustahkam aloqalarni yo'lga qo'yganmiz.

O'tgan yili o'tkazilgan xalqaro kino tadbirlarida qatnashar ekanman, rejissyor Shokir Xoliqovning Osiyodagi qator festivallarda namoyish etilgan "Yakshanba" filmi haqida juda ko'p eshittim. Shu sababli uni mazkur festivalga taklif qilishga qaror qildik. Ushbu film juda nozik kinematik tilda, qishloq qariyalarining an'anaviy hayoti va zamonaviy hayotdagi texnologik yangiliklar o'rtasidagi ziddiyatlarni yuqori mahorat bilan ochib bergani bilan ko'pchilikning e'tiborini tortmoqda.

Qayd etish kerakki, 2020-yilda bo'lib o'tgan «Xalqaro Osiyo filmlari festivali»  badiiy rahbari Martine Teroan bilan birgalikda o'tgan yili «Ipak yo'li durdonasi» XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etdik. O'zbekistonda bo'lishimiz, kinofestivaldagi professional ishlar, a'lo darajadagi tashkilotchilik bizda katta taassurot qoldirdi.

Tomoshabin Dominik Rits (Vezul shahri):

– Rejissyor Shokir Xoliqov tomonidan suratga olingan "Yakshanba" badiiy filmini tomosha qilishga juda qiziqdim. Gap shundaki, bu yil bahor faslida O'zbekistonga ikki haftalik sayohatni rejalashtiryapman. Demak, ushbu filmni tomosha qilish orqali mamlakatingiz madaniyati va kundalik hayoti bilan tanishishni boshladim desam ham mubolag'a bo'lmaydi.

"Yakshanba" filmida ilgari surilgan asosiy g'oya Fransiya ham dolzarb, chunki u zamonaviy jamiyatdagi modernizatsiya jarayonlarini aks ettiradi.

Tomoshabin Dominik Bezotsi (Avinyon shahri):

– Men Vezul shahrida bo'lib o'tgan Xalqaro Osiyo filmlari festivaliga Fransiya janubidagi, butun dunyoga teatr festivallari bilan mashhur Avinyon shahridan keldim.

Kinofestivalda namoyish etilgan "Yakshanba" o'zbek filmini katta zavq bilan tomosha qildim. Ushbu kinokartina so'nggi yillardagi o'zbek kinosining haqiqiy kashfiyoti bo'ldi. O'zbek rejissyoriga ajoyib hissiyotli filmni yaratgani katta rahmat.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish