"Ayqulash" Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli Janubiy Koreyada o'tkazilgan xalqaro festivalda ishtirok etdi

Oktabr 02, 2024. 17:06 • 2 daq

493
"Ayqulash" Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli Janubiy Koreyada o'tkazilgan xalqaro festivalda ishtirok etdi

SEUL, 2-oktabr. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 25-29-sentabr kunlari Janubiy Koreyaning Cheonan shahrida "Cheonan World Dance Festival 2024" xalqaro festivali bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Dunyoning 54 davlatidan 4 mingga yaqin raqqosa va ijrochilarni jamlagan mazkur nufuzli raqs forumi chinakam san'at va madaniy almashinuv bayramiga aylandi.

"Ayqulash" Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli tomonidan ijro etilgan milliy raqs va musiqalar festivaliga o'zgacha shukuh bag'ishladi.

Ularning chiqishlari qadimiy raqslar, betakror milliy liboslar va an'anaviy musiqalarni o'zida mujassam etgan holda mamlakatimizning boy madaniy merosining haqiqiy namoyishi bo'ldi.

Qolaversa, "Ayqulash" ansamblining bunday nufuzli festivalda ishtirok etishi nafaqat O'zbekistonning madaniy boyligini namoyish etdi, balki madaniyatlararo muloqot muhimligini ham ta'kidladi. Festival qoraqalpog'istonlik ijodkorlarga boshqa mamlakatlar vakillari bilan uchrashish, ijodiy fikr almashish imkonini ham berdi.

Ta'kidlash kerakki, ushbu xalqaro san'at bayrami qoraqalpoq milliy estrada xonandalarining chiqishlari uchun maydonga aylandi. Ular ijrosida kuy va qo'shiqlarda qoraqalpoq milliy musiqasining chuqur ildizlari o'z ifodasini topdi.

Muxtasar aytganda, "Ayqulash" ansamblining chiqishlari xalqaro jamoatchilikning O'zbekiston folklor san'atiga bo'lgan qiziqishini oshirdi, qoraqalpoq va o'zbek madaniyatini jahon miqyosida keng targ'ib qildi.

2003-yildan buyon o'tkazib kelinayotgan va 2020-yildan buyon Janubiy Koreyada nufuzli madaniy va sayyohlik tadbiri sifatida e'tirof etilgan mazkur festival milliy va zamonaviy raqs uslublarini o'zida mujassam etgan rang-barang dasturni taqdim etdi. Besh kun davomida Cheonan shahri xalqaro raqs san'ati markaziga aylandi va har bir ishtirokchi jamoalar milliy madaniyatlarining o'ziga xos jihatlarini namoyish etdi.

"Cheonan World Dance Festival 2024" tomoshabinlarga milliy raqs tanlovi, xalqaro raqs tanlovi, ko'cha raqsi paradi, shuningdek, xip-xop va breyk raqslari kabi zamonaviy raqs uslublari bo'yicha musobaqalarni o'z ichiga olgan boy dasturni taqdim etdi, – dedi festival tashkilotchisi Kim Chang Gun. – "Ayqulash" ansamblining mazkur festivalda ishtiroki tadbirga sharqona raqslar jozibasini, tomoshabinlarga O'zbekistonning boy madaniyati bilan bevosita tanishish imkonini berdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish