Turkiya yoshlari Ota Yurt – O‘zbekistonni ziyorat qilib, madaniy-maʼnaviy meros bilan tanishdi

Iyun 01, 2026. 19:25 • 2 daq

72
Turkiya yoshlari Ota Yurt – O‘zbekistonni ziyorat qilib, madaniy-maʼnaviy meros bilan tanishdi

ANQARA, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Aksaray viloyatidan bir guruh yoshlar ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ota Yurt O‘zbekistonni ziyorat qilish maqsadidagi ushbu tashrif “Aynı İzde, Taze Nefes” (“Ayni izda, yangi nafas”) loyihasi doirasida tashkil etildi.

Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi turizm almashinuvida yaqqol o‘sish kuzatilmoqda. Eʼtiborli jihati, mazkur jarayonda Turkiyaning mahalliy boshqaruv organlari ham faol ishtirok etib, turk yoshlarining O‘zbekistonga ziyoratlarini rag‘batlantirishga qaratilgan qator loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Avval xabar berilganidek, Balikesir va Mush viloyati yoshlari O‘zbekistonda bo‘lib qaytgan bo‘lsa, navbatdagi “Aynı İzde, Taze Nefes” loyihasi ham yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.

Turkiya Yoshlar va sport vazirligining Aksaray viloyati boshqarmasi ko‘magida amalga oshirilgan loyiha doirasida ko‘plab tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, turk yoshlari 18-may kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan Xalqaro yoshlar tinchlik sammitida faol ishtirok etdi. Dastur davomida Turkiya va O‘zbekiston yoshlari sog‘lom turmush tarzi, sport, ruhiy salomatlik va barqaror turmush tarziga oid tajribalarini o‘rtoqlashdi.

“Biz o‘rganishda, yaratishda va birgalikda iz qoldirishda davom etamiz”, shiorini olg‘a surgan yoshlar loyiha doirasida mamlakatimizning tarixiy shaharlarini ziyorat qilib, “Ota Yurt”dagi tarixiy-madaniy meros va maʼnaviy qadriyatlar bilan yaqindan tanishdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish