Logo

Osaka shahrida o'tayotgan "Expo-2025" butunjahon ko'rgazmasi doirasida O'zbekiston Milliy kuni bo'lib o'tdi

Avgust 18, 2025. 09:38 • 2 daq

462
Osaka shahrida o'tayotgan "Expo-2025" butunjahon ko'rgazmasi doirasida O'zbekiston Milliy kuni bo'lib o'tdi

OSAKA, 18-avgust. /"Dunyo" AA/. Kecha Yaponiyaning Osaka shahrida "Expo-2025" butunjahon ko'rgazmasi doirasida O'zbekiston Milliy kuni nishonlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi telegram-kanali ma'lumotiga asoslanib.

"Tantanali ochilish marosimi Yaponiya tashqi ishlar davlat vaziri Hisayuki Fujii va mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi raisi Gayane Umerova ishtirokida bo'lib o'tdi, – deyiladi xabarda. – Mehmonlarga Farg'ona, buxorocha, lazgi va boshqa raqslar hamda milliy kuy-qo'shiqlar ijro etilgan konsert dasturi namoyish etildi. Bayram kayfiyatiga karnay-surnay sadolari, vokal ansambllari va cholg'u jamoalari shukuh bag'ishladi".

O'zbek xoreografiyasining boy repertuarini taqdim etgan Qoraqalpog'iston xalq artisti Ziyoda Madrahimova, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Nodira Pirmatova va Mukarram Turg'unboyeva nomidagi "Bahor" davlat raqs ansamblining chiqishlari sahna ko'rkiga ko'rk baxsh etdi.

"Expo 2025" ko'rgazmalari maydonidagi rang-barang yurish O'zbekiston Milliy kunining eng yuqori avj nuqtasi bo'ldi. Unda o'nlab san'atkorlar, karnay-surnay sozandalari, nog'orachi, doirachi va raqqoslar ishtirok etdilar.

Bayram shukuhini milliy an'analarni jo'shqin sahna harakatlari bilan uyg'unlashtirib, ushbu tantanali izdihomni chinakamiga madaniy ertaknamo shodiyonaga aylantirdi. Parad nafaqat yorqin tasvirlarga boy yorqin tomosha, balki O'zbekistonning jahon badiiy makonining faol ishtirokchisi bo'lish sari intilishlarini o'zida mujassam etgan madaniy muloqot timsoliga aylandi.

Mazkur tadbir ko'rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar xotirasida yorqin taassurotlar qoldirib, Milliy kunning mamlakatni xalqaro miqyosda tamsil etishning muhim jihati sifatidagi ahamiyatiga urg'u berdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish