Logo

Bugun Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik san'ati festivali boshlanadi

Aprel 26, 2025. 13:56 • 2 daq

176
Bugun Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik san'ati festivali boshlanadi

XIVA, 26-aprel. /"Dunyo" AA/. Bugun Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik san'ati festivali boshlanadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbek milliy baxshichilik va dostonchilik san'atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni keng targ'ib qilish, yosh avlod qalbida ushbu san'at turiga hurmat va e'tibor tuyg'ularini kuchaytirish, turli xalqlar o'rtasidagi do'stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma'naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda yanada kengaytirish maqsadida 2019 yildan buyon Xalqaro baxshichilik san'ati festivali o'tkazilib kelinmoqda.

Festival ilk marotaba Surxondaryo viloyatida o'tkazilgan, shuningdek, 2021-yilda Qoraqalpog'iston Respublikasida, 2023-yilda esa Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan.

26-28-aprel kunlari Xivada bo'lib o'tadigan IV Xalqaro baxshichilik san'ati festivali YUNESKO va AYSESKO shafeligida uyushtirilmoqda.

Festivalda dunyoning 40 dan ortiq davlatlaridan, jumladan, O'mon, Gabon, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Eron, Qozog'iston, Janubiy Koreya, Kuvayt, Malayziya, Mavritaniya, Misr, Marokash, Qirg'iziston, Rossiya, Turkmaniston, Vengriya, Ozarbayjon, Mo'g'uliston, Serbiya, Belarus, Fransiya, Afg'oniston, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Syerra-Leone, Shvetsiya, Iordaniya, Shvetsariya, Sudan, Turkiya, Bolgariya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Tunis, Slovakiya, Filippin, Qatar, Pokiston va O'zbekistondan 200 nafarga yaqin baxshilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Festival doirasida bugun "II Turkiy dunyo madaniyati forumi" va "Yangi O'zbekistonda baxshichilik san'ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o'z ishini boshladi.

Mazkur anjumanda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg'iziston, Qozog'iston kabi davlatlarning nufuzli ilm maskanlaridan tashrif buyurgan taniqli folklorshunos olimlar baxshichilik san'ati tarixi va jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan o'rni haqida ma'ruza qildilar. Shuningdek, anjumanda mamlakatimizning turli oliy o'quv yurtlarida, ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat yuritayotgan folklorshunos olimlar, baxshichilik va xalq og'zaki ijodi masalalariga qiziquvchi tadqiqotchilar ham sohaga doir ilmiy-nazariy maqolalari bilan faol ishtirok etmoqda.

Anjuman yakunida baxshichilik san'ati istiqboli bilan bog'liq muhim rezolyutsiya qabul qilinadi.

Konferensiya doirasida tashkiliy qo'mita tomonidan yaratilgan "Baxshi aytimlari" to'plamining taqdimoti bo'lib o'tadi. "Baxshi aytimlari" to'plami 100 dona nashr qilingan. Unda xalq dostonlari va terminlarini qaysi vaqtda ijro etilishi, uning inson ruhiyatiga ijobiy ta'siri to'g'risidagi ma'lumotlar o'rin olgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish