Logo

Ozarbayjonda Abdulla Qodiriyning mashhur "O'tkan kunlar" asari asosida spektakl sahnalashtirildi

May 03, 2025. 12:49 • 2 daq

81
Ozarbayjonda Abdulla Qodiriyning mashhur "O'tkan kunlar" asari asosida spektakl sahnalashtirildi

BOKU, 3-may. "Dunyo" AA/. 29-aprel kuni Boku shahridagi Ozarbayjon Davlat akademik milliy drama teatrida o'zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" asari asosida sahnalashtirilgan spektaklning premyerasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Spektakl O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Ozarbayjon Milliy Mejlisining Madaniyat qo'mitasi ko'magida Boku munitsipal teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirildi.


Premyerada Ozarbayjon ziyolilari, ilm-fan va madaniyat namoyondalari, O'zbekistondan kelgan taniqli yozuvchi va shoirlar, madaniyat va san'at arboblaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.


Tadbirda nutq so'zlagan Ozarbayjon Milliy Mejlisi deputati, parlamentning madaniyat qo'mitasi raisi o'rinbosari Gyugay Efendiyeva Ozarbayjon va O'zbekiston o'rtasidagi diplomatik aloqalar haqida so'z yuritdi. U ikki davlat rahbarlari tomonidan namoyon etilayotgan yaqin birodarlik namunasi do'stlik, ishonch va o'zaro anglashuvga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarga mustahkam zamin yaratganini ta'kidladi.


O'zbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi dramaturgiya ijodiy kengashi raisi Usmon Azim o'z nutqida, mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarning barcha sohalarda, jumladan, madaniy-gumanitar yo'nalishda rivojlanayotganini, san'at sohasidagi yangi loyihalar, madaniyat arboblarining o'zaro tashriflari amalga oshirilayotganini e'tirof etdi.


"O'tgan kunlar" asari ozar tiliga 1928-1929-yillarda mashhur turkshunos olim Xolid Said Xo'jayev tomonidan tarjima qilingan. Oradan qariyb 100 yil o'tib, ushbu asar Ozarbayjon teatr sahnasiga olib chiqildi.


Tomoshabinlar butun spektakl davomida bosh qahramonlar taqdiriga befarq bo'lmay, ular bilan birga quvondi va iztirob chekdi. Spektakl yakunida esa rejissyor va aktyorlarga yuqori darajadagi sahna asari uchun samimiy minnatdorlik izhor etdilar.


Ta'kidlash joizki, Boku munitsipal teatri tomonidan sahnalashtirilgan "O'tkan kunlar" spektakli O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi madaniy hamkorlikning yorqin ifodasi bo'ldi. Shuningdek, mazkur sahna asari xalqlarimiz o'rtasidagi madaniy rishtalarni yanada mustahkamlashga hissa qo'shdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish