Logo

Janubiy Koreyaning Pusan shahrida bo'lib o'tgan xalqaro madaniyat va turizm festivalida O'zbekiston salohiyati taqdim etildi

Iyun 03, 2025. 07:29 • 2 daq

644
Janubiy Koreyaning Pusan shahrida bo'lib o'tgan xalqaro madaniyat va turizm festivalida O'zbekiston salohiyati taqdim etildi

SEUL, 3-iyun. /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreyaning Pusan shahrida "Global Gathering-2025" xalqaro madaniyat va turizm festivali bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Pusan shahri meriyasi hamda Pusan xalqaro hamkorlik jamg'armasi (BFIC) tomonidan tashqi etilgan mazkur madaniyat tadbirida dunyoning 50 dan ortiq davlatlarining Janubiy Koreyadagi diplomatik vakolatxonalari, ijtimoiy, madaniy va ijodiy tashkilotlar, yetakchi turistik kompaniyalar hamda OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Yurtimiz sayyohlik salohiyatini keng targ'ib qilish, shuningdek o'zbek xalqining boy madaniyatini namoyish qilish maqsadida O'zbekiston elchixonasi va "Pusandagi o'zbekistonlik talabalar uyushmasi" mazkur tadbir tashkilotchilari qatorida ishtirok etib, O'zbekiston milliy stendini tashkil qildi.

Unda yurtimizning boy madaniy merosi va turizm salohiyatini aks ettiruvchi kitob va qo'llanmalar, milliy liboslar, hunarmandchilik, zardo'zdlik, yog'och o'ymakorligi, ipakchilik mahsulotlari va boshqa xalq amaliy san'ati namunalari namoyish etildi.

Shuningdek, tadbir davomida O'zbekistonning diqqatga sazovor sayyohlik yo'nalishlari, YUNESKO madaniy merosi ro'yxatidan joy olgan shaharlarda joylashgan ko'hna me'moriy yodgorliklar, zamonaviy ko'ngilochar maskanlar, respublikamizning turli viloyatlarida joylashgan ko'plab turizm obyektlari haqida hikoya qiladigan rang-barang foto va videomateriallar taqdim etildi.

Yurtimiz milliy stendi bilan tanishgan mehmonlarga O'zbekistonda turizmning ziyorat, ekologik, ma'rifiy, etnografik, gastronomik, sport, tadbirkorlik, yoshlar va oilaviy kabi yangi turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar, xorijiy turistlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida batafsil so'zlab berildi.

Bundan tashqari, festival ishtirokchilariga vatandoshlarimiz tomonidan tayyorlangan somsa, chak-chak va palov tortiq etildi.

O'zbekiston stendi va lazzatli o'zbek milliy taomlari festival tashkilotchilari hamda mehmonlarining yuksak e'tirofiga sazovor bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish