Hindiston poytaxtida o'zbek madaniyati taqdim qilindi
May 13, 2025. 14:36 • 1 daq
• 745
DEHLI, 13-may. /"Dunyo" AA/. Hindistonning yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri – Jamiya Milliya Islomiya universitetida bo'lib o'tgan xalqaro festivalda o'zbek adabiyoti va madaniyati namunalari taqdim qilindi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

"O'n bir mamlakat sadosi" ("Echoes of Eleven") deb nomlangan an'anaviy anjumanda universitet talabalari tomonidan dunyoning turli tillarida, jumladan, o'zbek tilida she'rlar va ashulalar aytildi va milliy raqslar ijro etildi.
O'zbekiston elchixonasi diplomatlari tadbir qatnashchilariga mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir ahil oila bo'lib istiqomat qilayotgani, o'zbek tili va boshqa barcha tillarning birdek rivoj topishi uchun qulay sharoitlar yaratilgani haqida so'zlab berdilar.
Millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik O'zbekiston xalqining eng katta boyligi ekani, shuningdek, ushbu qadriyat asrab-avaylanib va mustahkamlanib kelinayotganiga alohida e'tibor qaratildi.
Jamiya Milliya Islomiya universiteti huzurida 2004-yildan beri o'zbek tili kurslari faoliyat yuritib keladi. Xorijiy tillar departamenti rahbari professor Shahid Taslim tashabbusi va muallifligida turkum o'zbek tili darsliklari hamda qo'llanmalari tayyorlangan, o'zbek va hind xalqlarining tarixiy rishtalariga bag'ishlangan to'plamlar chop etilgan.
Bugungi kunda yangi 2025/2026 o'quv yilidan boshlab mazkur oliy ta'lim muassasasi bakalavrlik bosqichi o'quv dasturiga o'zbek tili, adabiyoti va madaniyati mutaxassislarini tayyorlashni kiritish bo'yicha tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi